Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari qirq ikkinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlisi Senati a’zolari, sektorlar va soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kun tartibida  dastlab O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazish bo‘yicha referendum okrug komissiyasi a’zoligiga nomzodlarni tavsiya etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy sud rahbariyati bilan uchrashuvda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan xalqimiz tomonidan kelib tushgan takliflar yakunlari bo‘yicha maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi. Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshganligi, ya’ni, asosiy qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilanganligi qayd etildi. Hududning o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olib yangilanayotgan Konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning davlat tuzilishi va siyosiy tizimi bilan bog‘liq birorta modda o‘zgarmaganligi,  shu bilan birga, Konstitutsiyaning butun matni yangilanayotganligini inobatga olib, faqat moddalarning tartib raqami o‘zgarganligi, oldingi 70-75-moddalar loyihada tegishincha 85-90-moddalar sifatida keltirilayotganligi ta’kidlandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martdagi hamda Senatining 14 martdagi qarorlariga ko‘ra, 2023 yil 30 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumi o‘tkaziladi.  O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023 yil 16 mart kuni o‘tkazilgan majlisida referendumni o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegarasi doirasida 14 ta referendum okrugi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Sessiyada referendum o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston okrug komissiyasi tarkibiga  saylov hamda referendum o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar orasidan komissiya raisi, o‘rinbosari, kotibi va 14 nafar a’zosi nomzodi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Kun tartibida boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va  tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA