Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovut-ota” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Feya” laqabli xizmat iti yordamida Rossiyadan O‘zbekistonga kirib kelgan “CADILLAC” rusumli avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda Rossiya fuqarosi tomonidan mamlakatimizga olib kelinayotgan qurol-aslahalar to‘xtatildi.

Jumladan, ushbu fuqaroga tegishli bo‘lgan, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi taqdim qilinmagan 1 dona gazli to‘pponcha,  to‘pponchaning 9 dona gaz balloni, 1050 dona “Vыstrel kalibr 4,5 mm” nomli droblar va 2 dona gazli to‘pponcha uchun kaburalarni o‘z ehtiyoji uchun olib kelayotganligi aniqlandi.

Xuddi shunday yana bir holatda “Dovut-ota” chegara bojxona posti orqali Rossiya Federatsiyasidan mamlakatimizga kirib kelgan “FORD” rusumli avtotransport vositasida yurtimizda faoliyat yuritayotgan MCHJlarning birining nomiga olib kelinayotgan xalqaro kurerlik jo‘natmalari bojxona ko‘zdan kechiruvidan o‘tkazildi. Natijada esa, kuzatuv hujjatlarida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan, tegishli ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan oq rangli polietilen qop ichida avval foydalanilgan 1 dona qora rangli “4,5 mm (VV CAL)” yozuvli pnevmatik to‘pponcha borligi aniqlandi.

Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish va O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitini amalga oshirish Ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Pnevmatik, signal beruvchi, uloqtirish qurolini, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz realizatsiya qilish, olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish, ulardan foydalanish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki hududidan olib chiqish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tish —qurolni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA