Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali tomonidan yuqori malakaga ega bo‘lgan xorijiy professor-o‘qituvchilarni dars jarayonlariga keng jalb etishga alohida etibor qaratilib, amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

Jumladan, Qozog‘iston Respublikasining “QS World University Rankings” 500 taligiga kiradigan Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universiteti bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnoma asosida ushbu oliy o‘quv yurtining “Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi” kafedrasi professori, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Serg‘ali  Mirzaqulov talabalarga dars o‘tmoqda.

Filial direktori bilan uchrashuvda qozog‘istonlik professor bilan o‘zaro do‘stona munosabatlar asosida o‘rnatilgan aloqalarni yanada mustahkamlab borish, hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va  ilmiy salohiyat jozibadorligini orttirish borasida hamfikrlikda ish olib borish borasida suhbatlashdi. Kelgusida nafaqat professor-o‘qituvchilar, balki, talaba yoshlar ham almashuv dasturi  asosida ta’lim olishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.

Qozog‘istonlik professorning filial talaba yoshlarga ushbu hafta davomida 36 soat dars o‘tishi rejalashtirilgan. Ma’lumot uchun, bundan avval, ushbu universitetning “Mikrobiologiya va virusologiya” kafedrasining professori Raya Miqtibayeva tashrif buyurib, filial talabalariga dars o‘tib, o‘z bilimlarini o‘rtoqlashgan edi. Ayni kunlarda S.Mirzaqulov filialning “Zooinjeneriya” (yilqichilik va tuyachilik) yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalariga chorvachilik yo‘nalishida ma’ruza o‘tib, ularning bilimlarini yanada mustahkamlamoqda. Shuningdek, talaba yoshlarga Qozog‘istondagi chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida qiziqarli ma’lumotlarni berib o‘tdi.

–Qoraqalpog‘iston Respublikasiga  ilk marta tashrif buyurishim, – deydi S.Mirzaqulov. – Qoraqalpoq qardoshlarning mehmondo‘stligi va samimiy munosabatlaridan juda mamnun bo‘ldim. Filial jamoasi, talabalari bilan tez chiqishib ketdim. Ular har bir ma’ruzamni diqqat va qiziqish bilan tinglamoqda. Nukus haqida ancha keng taassurotlarga ega bo‘lmoqdaman.

Talabalarga zamonaviy pedagogik texnologiya asosida darslar o‘tilib, mutaxassislik fani bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari mustahkamlanmoqda. Olib borilayotgan mashg‘ulotlar esa kelgusida o‘zining samarasini berishi aniq.

Ma’lumot uchun, filial tomonidan shu kunga qadar Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya kabi xorijiy mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik shartnomasi va memorandumlar imzolashga erishildi. Bu esa, o‘z o‘rnida, filialdagi ilmiy soha rivojida muhim rol o‘ynaydi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA