Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi Toshkent” loyihasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari poytaxtimiz aholi uchun har tomonlama qulay sharoitga ega, chinakam ekologik shahar bo‘lishi kerakligiga e’tibor qaratdi.

Shu maqsadda “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi aynan Yangi Toshkent hududidan boshlanadi. Bunda 420 gektar maydonda Markaziy bog‘ barpo etilib, 200 ming tup daraxt ekiladi. Bugun ushbu bog‘da yaxshi niyatlar bilan 1 ming tup daraxt ekiladi.

Davlatimiz rahbari bu ishlarning davomi sifatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor faslida har bir mahalla hududida 1 mingtadan daraxt ekishni taklif etdi.

So‘zining yakunida Prezidentimiz poytaxtimiz Yangi O‘zbekistonning yuksak taraqqiyot darajasi va salohiyatiga har tomonlama mos bo‘lgan yirik megapolisga, dunyodagi eng go‘zal va jozibador shaharlardan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.

O‘zA