O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida joriy yil 13 mart kuni Surxondaryo viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining tashrifi buyuk alloma Hakim at-Termiziy maqbarasi ziyorati bilan boshlandi.

Allohdan yurtimizga tinchlik, xayr-baraka tilab duo qilindi.

Ulamolar bilan bo‘lgan suhbatda ilm-ma’rifat rivojiga yaratilayotgan sharoitlar va diniy erkinliklar haqida so‘z yuritildi. Keyingi yillarda musulmonlar ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilindi: yangi masjidlar, madrasalar qurildi, ilmiy-ma’rifiy majmualar barpo qilingani, har yili minglab yurtdoshlarimiz Haj va Umra ibodatlarini ado etish baxtiga musharraf bo‘lishayotgani, endigi asosiy vazifa buning ahamiyati va ma’naviyatini xalqqa yetkazish ekani ta’kidlandi.

Eng avvalo, imom-xatiblar hududlarga chiqib, Hakim va Imom Termiziylar, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Muin Nasafiy va boshqa buyuk allomalarimiz merosini tizimli va chuqur o‘rganishi kerakligi qayd etildi. Buning uchun alohida dastur ishlab chiqish taklifi bildirildi.

Termiz shahrida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida viloyat ahliga chuqur hurmatini bildirib, voha ahli turli soha va tarmoqlarda ulkan natijalarga erishayotganini ta’kidladi.

– Shunday go‘zal bahor kunlarida, ulug‘ ayyomlar arafasida sizlar bilan ko‘rishib turganimdan xursandman. Bugun viloyatga hokim qo‘yib, yangi marralarni belgilab olishimiz kerak. Maqsad – islohotlar ijrosi va darajasini oshirish, niyatlarni baland qo‘yib, shunga munosib harakat qilish, xalq ichiga kirib borib, ularni rozi qilish, – dedi Prezident.

Yig‘ilishda hudud rivojining bugungi holatiga to‘xtalib o‘tildi. Oxirgi besh yilda viloyatda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida 15 mingdan ziyod korxona ishga tushgan. Yangi qurilgan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” mikro gidroelektr stansiyalarida yiliga 201 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarilmoqda.

Shuningdek, 257 ta maktab qurilgan va rekonstruksiya qilingan, bog‘chalar qamrovi 18 foizdan 62 foizga yetgan. 302 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 1 ming kilometr xalqaro va 3 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirlangan.

– Agar yana bir-ikki yil qattiq ishlab, xalqimizga astoydil xizmat qilsak, Surxondaryoda juda katta rivojlanish, o‘sish bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga Ulug‘bek Qosimov nomzodini tavsiya etdi.

U.Qosimov 1983 yilda tug‘ilgan. 2018 yilga qadar Muzrabot va Denov tumanlari hokimi, 2018-2022 yillarda Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahar prokurori lavozimlarida ishlab, katta tajriba orttirgan.

U o‘tgan yil dekabrdan buyon Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Ulug‘bek Qosimov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.

Prezidentimiz bu takliflarni ma’qullab, ular yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish eng asosiy vazifa sifatida belgilandi. Mahallalarga oilaviy tadbirkorlikni olib kirish va kasanachilik orqali 60 ming, yangi biznes sub’ektlari tashkil qilish orqali 4 ming aholini, ishsizlarni zamonaviy kasblarga o‘qitib 20 ming ish o‘rni bilan ta’minlash mumkinligi qayd etildi.

Surxondaryoning iqlimi dehqonchilik uchun juda qulay, mahsulotlar erta pishadi. Shu bois viloyatda so‘nggi besh yilda meva-sabzavot asosiy ekin maydonlari 2,5 baravar ko‘paytirilgan. Bu yil aholi uchun yana 8 ming 500 gektar ajratilmoqda. Dehqonlarga sharoit yaratib, suv ta’minotini yaxshilab, oziq-ovqat mahsulotlari hajmini 2 baravar oshirish va eksportni 250 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Oxirgi besh yilda viloyat sanoatiga 30 trillion so‘m investitsiya jalb qilinib, 5 mingdan ziyod korxona tashkil topgan. Ishlab chiqarish 3 baravar ko‘payib, sanoat eksporti 132 million dollarga yetgan. Surxondaryoda ilgari bo‘lmagan qurilish materiallari, charm-poyabzal, elektr texnikasi kabi yangi tarmoqlar paydo bo‘lgan.

Shu bilan birga, viloyatda hali foydalanilmagan konlar va imkoniyatlar ko‘p. Joriy yilda 292 ta sanoat loyihasi ishga tushirilishi belgilandi. Bu 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Shuningdek, sanoatda importni 50 million dollarga qisqartirib, eksportni kamida 250 million dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda energetika masalalariga ham e’tibor qaratildi. Sariosiyo tumanidagi To‘palang gidroelektr stansiyasi hamda yangi 3 ta kichik va mikro GESda shu yilning o‘zida 350 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Sherobod tumanida 457 Megavatt quvvatli yirik quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Shuningdek, kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha rejalar aytib o‘tildi.

Umuman olganda, Surxondaryoda ijtimoiy muammolarni hal qilishga joriy yilgi davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 1,5 trillion so‘mga qo‘shimcha 465 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Shuningdek, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo‘shimcha 328 million dollar jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bular orqali 325 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlab, Surxondaryoni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilib qo‘yildi.

Taqdimotdan so‘ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tashkiliy masala ovozga qo‘yildi. Uning natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Qosimov Surxondaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari belgilangan rejalar endi hayotga ko‘chishi, barcha tashkilotlar hokim atrofida birlashib, xalqqa xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz tumani Yangiobod mahallasidagi “Termez National Carpets” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Korxona yiliga 2,2 million kvadrat metr gilam ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun Germaniya, Belgiya, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Mahsulotlarning qariyb yarmini eksport qilish rejalashtirilgan. Xomashyoning 80 foizi mahalliylashtirilgan. Korxona ishga tushirilgan qisqa vaqtda Ozarbayjon va Qirg‘iziston davlatlariga 255 ming dollarlik gilam va gilam mahsulotlari eksport qilindi. Joriy yilda 4 million dollarlik mahsulotni xorijlik buyurtmachilarga yetkazib berish mo‘ljallanmoqda.

Muhimi, korxonada muqobil energiyadan foydalanishga alohida e’tibor berilmoqda. Hozir tashqi va ichki yoritish tizimi uchun quyosh panellaridan foydalanilayotir.

Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Viloyatda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi.

Shu yerda 6 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Termiz shahridagi “Indenim Cluster”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Fabullo stroy servis”, Angor tumanidagi “Angor Baraka”, Termiz tumanidagi “Termiz agro impeks” korxonalari, Sariosiyo tumanidagi qurilish materiallari kichik sanoat zonasi va To‘palang gidroelektr stansiyasi vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi.

Termiz shahridagi “Indenim Cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta tolasidan tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 400 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Fabullo stroy servis” korxonasida yiliga 75 ming kub metr avtoklav gazoblok ishlab chiqarish o‘zlashtirilib, 80 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Angor tumanidagi “Angor Baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyati savdo majmuasida milliy hunarmandchilik markazi tashkil etilgan. U yerda yiliga qariyb 125 ming dona tayyor tikuvchilik, 50 turdagi milliy liboslar va hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlanib, ming nafarga yaqin xotin-qizning bandligi ta’minlanadi.

Sariosiyo tumanidagi kichik sanoat zonasida zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqariladi.

“Termiz agro impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Termiz tumanida 3 ming tonna sig‘imga ega muzlatkichli omborxona, zamonaviy issiqxona barpo etilib, 220 kishining bandligini ta’minlagan.

To‘palang gidroelektr stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida uning umumiy quvvati 175 megavattga yetmoqda. Bu yiliga 467 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarish imkonini beradi.

Umuman, mazkur 6 ta korxona 2 mingta yangi ish o‘rni yaratib, viloyat ishlab chiqarishiga 370 milliard so‘m, eksportiga 20 million dollar qo‘shadi.

Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdi.

Prezidentimiz Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Kamola Kamolbek Quyun” fermer xo‘jaligida bo‘lib, ekinlar rivojini ko‘zdan kechirdi, g‘alla va g‘o‘zaning navi, hosildorligi bilan qiziqdi.

Xo‘jalikning yer maydoni 45 gektar. Joriy yilda g‘alladan 70, paxtadan 40 sentnerdan hosil yetishtirish mo‘ljallanmoqda. 35 kishi doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlangan.

– Nima uchun qishloq xo‘jaligida ilm, innovatsiya kerak, deyapmiz? Avvalo sifat va hosildorlik uchun. Yuqori daromad olishni xohlagan fermer ilm bilan mehnat unumdorligini oshirishga harakat qilishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish uchun ishsiz aholi vakillariga yer berilmoqda. “Kamola Kamolbek Quyun” fermer xo‘jaligida ham ijtimoiy daftarlarga kiritilgan 34 nafar fuqaroga 20-25 sotixdan yer ajratilgan. Ular ko‘kat, kartoshka, piyoz, sabzi va boshqa ekinlar ekib, yaxshi daromad olgan. Joriy yilda ham qo‘shimcha 18 nafar fuqaroga dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun 30 sotixdan yer maydonlari ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident shunday yer egalari bilan suhbatlashdi.

– Aholiga yer berilib, urug‘, o‘g‘it masalalarida ham yordam ko‘rsatilmoqda. Faqat mehnat qilish qolyapti. Agar har bir oila o‘zi harakat qilib, hayotida o‘zgarish qilsa, kambag‘allik ham, ishsizlik ham bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Surxondaryo iqlimida 3 martagacha hosil olish mumkinligi, aholiga ko‘maklashib, daromad manbai yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining Surxondaryo viloyatidagi vzvodlaridan biriga tashrif buyurdi.

Ma’muriy binodagi sharoitlar, chegarani qo‘riqlashda qo‘llanilayotgan harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘zdan kechirildi. Davlat chegarasini qo‘riqlashda uchuvchisiz uchish apparatlarining ahamiyati ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasini qo‘riqlash jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Mamlakatimizda qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish bilan birga harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalashga katta e’tibor qaratilmoqda. Ushbu vzvod yonida ham shinam xonadonlar barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari shunday xonadonlardan birida mehmon bo‘ldi. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan suhbatlashdi.

– Vatanimiz himoyachilarining o‘z vazifalarini xotirjam bajarishi, farzandlar tarbiyasi sizlarga bog‘liq. Turmush o‘rtoqlaringizga madadkor bo‘lib, katta jasorat ko‘rsatayapsiz. Sizlar ham Vatan himoyachisizlar, – dedi Shavkat Mirziyoyev harbiylarning rafiqalariga.

Hovlida o‘yingohlar, sport maydonchalari, ayollar uchun tikuvchilik va qandolatchilik xonasi tashkil qilingan. Bolalarni maktab va bog‘chaga eltish uchun avtobus yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi “Termiz” dala o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining brigada taktik o‘quvini kuzatdi.

So‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarimiz tubdan isloh qilinib, qo‘shin turlarining qo‘llanilish taktikasi va strategiyasi takomillashtirildi. Bo‘linmalarning hamkorligini tashkil etish, jangovar harakatlar va operatsiyalarni uchuvchisiz uchish apparatlari, aviatsiya va artilleriya imkoniyatlaridan kengroq foydalangan holda olib borishning zamonaviy tajribasi amaliyotga joriy etildi.

Xususan, bu jarayon guruh, vzvod va brigada taktik o‘quvlarida topshiriqlarni bajarish, qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning eng zamonaviy namunalarini qo‘llash, aviatsiya yordamida umumqo‘shin bo‘linmalariga madad berish, o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘li va cho‘l hududlarida, shahar sharoitlaridagi maxsus operatsiyalar, bo‘linmalarni evakuatsiya qilish kabi mashqlarda o‘z aksini topmoqda.

Ushbu mashg‘ulotlar jahonda kuzatilayotgan harbiy harakatlar xususiyatidan kelib chiqqan holda o‘tkazildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi olti yil davomida Mudofaa tizimidagi barcha dala o‘quv maydonlari, harbiy qism va muassasalarda xalqaro talablar asosida qurilish va ta’mirlash, zamonaviy vositalar bilan jihozlash ishlari olib borildi.

“Termiz” dala o‘quv maydonida ham Qurolli Kuchlar shaxsiy tarkibining dala sharoitida jangovar bilim, ko‘nikma va ruhiy tayyorgarligini oshirish, brigada taktik o‘quvlarni o‘tkazish hamda harbiy san’at sohasida izlanishlar olib borish, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan eng ilg‘or sharoitlar yaratildi.

Prezidentimiz dunyoda axborot xuruji tobora avj olayotgan bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yanada mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning o‘zagini tashkil etishi kerakligini ta’kidladi.

Prezident qo‘shinlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligini muntazam oshirib borish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahridagi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyini borib ko‘rdi.

O‘tgan yili litsey uchun yangi bino barpo etilgan. Bu yerda ijtimoiy va aniq fanlar yo‘nalishlarida 200 dan ortiq o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda.

Davlatimiz rahbari shu yerda Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolari bilan uchrashdi. Videoaloqa orqali tadbirga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar vakillari ham bog‘landi.

Ma’lumki, mustaqillikka erishish, tinchlikni saqlash o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Xalqimiz ham ko‘p sinovli kunlarni boshidan kechirdi. Osoyishta hayotimizni izdan chiqarishga urinishlar, terrorchilik xurujlari bo‘ldi. Botir harbiylarimiz jasorat ko‘rsatib, g‘arazli kuchlarga qaqshatqich zarba bergan. Ming afsuski, bu kurashda yuzlab mard harbiylarimiz, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari halok bo‘lgan.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari ularni nomma-nom yodga oldi. Bunday dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar qilib tarbiyalagan ota-onalarga, ularning umr yo‘ldoshlari va farzandlariga xalqimiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildirdi.

– El-yurt uchun jonini fido qilgan o‘g‘lonlarimizni “halok bo‘lgan” deyishga til bormaydi. Ular oilasi uchun, Vatanimiz uchun hamisha barhayot, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qahramon o‘g‘lonlar xotirasini abadiylashtirish, ularning oila a’zolariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash davlatimiz, jamiyatimizning e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Marhum harbiy xizmatchilar davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangan. Ularga bag‘ishlab “Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot” deb nomlangan xotira kitobi nashr etilgan.

Prezident qarori bilan 2018 yildan boshlab, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar farzandlarini oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi kunga qadar 278 nafar o‘g‘il-qiz shu asosda oliygohlarga kirgan.

Davlatimiz rahbari harbiy xizmatchilar oilasiga e’tibor va g‘amxo‘rlik hamisha davom ettirilishini ta’kidladi. Shu maqsadda 13 mart kuni “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Hozirgi kunda halok bo‘lgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining 270 nafar mehnatga layoqatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olayapti. Endi farmonga ko‘ra, har bir oila a’zosi uchun pensiya miqdori 25 foizga oshiriladi. Natijada har bir oila a’zosi o‘rtacha 2 million so‘mdan pensiya oladi.

Ikkinchidan, vafot etgan xizmatchilarning oila a’zolaridan hozirda 82 nafarining uy-joyi yo‘q, ularning 21 nafari ijarada va 61 nafari qarindoshinikida yashaydi. Bundan buyon, muhtoj oilalarga birinchi navbatda turar joy beriladi va imtiyozli ipoteka krediti olish imkoniyati yaratiladi. Oila a’zolariga ijara to‘lovi uchun 1 million 800 ming so‘mgacha pul beriladi. Bundan tashqari, halok bo‘lgan xizmatchining farzandlari bog‘cha, kollej, texnikum va oliygohda bepul ta’lim-tarbiya oladi.

Uchinchidan, oila a’zosi daromadining soliqdan ozod qilinadigan summasi 2 barobar ko‘payadi. Bu tartib xodimning farzandlariga ham tatbiq etiladi. Natijada marhum xizmatchining oilasi ro‘zg‘orida har oy o‘rtacha 700 ming so‘m qo‘shimcha pul qoladi.

To‘rtinchidan, bundan buyon ushbu toifadagi xizmatchining oila a’zolari harbiy shifoxonalarda bepul davolanish huquqiga ega bo‘ladi va navbatdan tashqari statsionar tibbiy yordam oladi. Ularga dori-darmon va protez-ortopediya moslamalari olib beriladi, jarrohlik xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi. Xizmatchining ota-onasi, turmush o‘rtog‘i har yili sanatoriyda bepul davolanadi, bolalari oromgohlarda sog‘lomlashtiriladi. Ularning ota-onasi uchun yiliga ikki marta temir yo‘l va havo transportida yurish bepul bo‘ladi.

Beshinchidan, halok bo‘lgan xizmatchilar oilasini harbiylashgan va huquq-tartibot idoralari tomonidan otaliqqa olish amaliyoti joriy etiladi. Shu bilan birga, viloyat hokimliklari tomonidan og‘ir ahvoldagi bunday oilalarga har oy 400 ming so‘m miqdorida nafaqa berib boriladi.

Ma’lumki, Vatanga qasamyod qilgan xizmatchi noxush holatlardan kafolatlanmagan. Bundan buyon, agar xizmatchi o‘z burchini bajarishda halok bo‘lgan taqdirda, uning oilasiga ish haqini 150 baravari miqdorida bir yo‘la nafaqa beriladi. Ya’ni, bu nafaqa o‘rtacha 300 million so‘mdan 500 million so‘mga oshiriladi. Halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta to‘lovi 25 million so‘mdan 60 million so‘mga ko‘payadi.

Davlatimiz rahbari bunday mard insonlarni voyaga yetkazgan ota-onalari, farzandlari doimo yurtimiz ardog‘ida bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, “El-yurt fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etish taklifini bildirdi. Bu nishon guvohnomasi Oliy Bosh Qo‘mondon tomonidan imzolanadi. Ushbu e’tirof egalari barcha imtiyozlarga ega bo‘ladi.

Bugun dunyoning turli nuqtalarida yangi tahdid va qurolli to‘qnashuvlar yuz bermoqda. Bunday tahlikali vaziyat xalqimizni ham bezovta qilishi tabiiydir. Shu bois davlatimiz mustaqilligini, xalqimiz tinchligini himoyalashga katta ahamiyat qaratilmoqda.

– Harbiy-jangovar va yuksak ma’naviy salohiyat O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur, – dedi Prezident.

O‘tgan yili harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish konsepsiyasi qabul qilindi, “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harakati tashkil etildi. Bular yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga hissa qo‘shmoqda.

Davlatimiz rahbari Vatan ozodligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan o‘g‘lonlarimiz jasorati ham yosh avlod uchun ibrat ekani, ular haqida  asarlar yaratish kerakligini ta’kidladi.

– Ezgu maqsad yo‘lida birlashgan xalq va davlatni hech qanday kuch yenga olmaydi. Ilohim, qahramon o‘g‘lonlarimizning oxiratlari obod bo‘lsin. Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin, – dedi Prezidentimiz so‘zining yakunida.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,

O‘zA muxbirlari