Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda jismoniy shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud tartibida himoya qilinishini ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish zarurati yuzaga kelmoqda.
Bu fikrlar Senat yalpi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun muhokamasi jarayonida qayd etildi.
Mazkur qonun aholi va tadbirkorlik sub’ektlari murojaatlarini tez fursatlarda ko‘rib chiqilishini ta’minlashga qaratilgan.
Qonun bilan davlat boji stavkalarining miqdorlariga qo‘shimcha kiritilmoqda. Jumladan, fuqarolar davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudlarga murojaat qilganda belgilangan davlat boji stavkasining 50 foizi miqdorida to‘lashi belgilanmoqda.
Bunda qolgan qismi belgilangan tartibda ishni ko‘rish natijasi bilan undiriladi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, taklif etilayotgan norma fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari sud tartibida himoya qilinishi hamda ularning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
O‘zA