Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘p qavatli uy-joy qurilishi keskin oshdi. Ming-minglab insonlar uy-joyli bo‘ldi. Bu yaxshi, albatta. Biroq, noqonuniy qurilish qilayotgan tadbirkorlar va yangi ko‘p kvartirali uy quraman deb fuqarolar ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan ularning pulini olishni maqsad qilganlar ham tez-tez uchramoqda. Ayniqsa, qurilishi hali bitmagan yoki umuman boshlanmagan uylardan kvartira sotib olayotgan fuqarolar firibgarlar tuzog‘iga tushmoqda.

Aslida qurilishi hali tugallanmagan yoki umuman boshlanmagan uylardan sotib olishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda ulush kiritish asosidagi uy-joy qurilishlari ko‘payib boryapti. Bu borada xaridorlar bilishi kerak bo‘lgan ayrim nozik jihatlar bor.

Uy sotib olayotgan fuqaro uyni Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining elektron platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganligini tekshirishi kerak. Buning uchun fuqaro https://mc.uz/ulushdor/ havolasi orqali qurilayotgan uyning ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirishi lozim. Bu havola orqali hamma uchun ochiq bo‘lgan majmua va quruvchi tashkilot nomi manzili hamda boshqa ma’lumotlarni olishi mumkin.

Qurilish tashkiloti qurilayotgan uyning ma’lumotlarini elektron tartibda platformaga yuklaydi va vakolatli organning mas’ul xodimi ma’lumotlarni ko‘rib chiqadi. 3 ish kunida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Agar barcha hujjatlari to‘liq bo‘lsa, bir kunda ko‘rib chiqilib, ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni mavjud.

Bunda quruvchining qarorda belgilangan tartibda qurilishni boshlashiga asos bo‘luvchi va beshta talabga javob berishi kerak bo‘lgan hujjatlari joylashtiriladi.

Elektron platforma ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish bozorini tartibga solish, uy xarid qilayotgan fuqarolarni maksimal darajada risklardan himoyalash maqsadida ishga tushirilgan. Ro‘yxatdan o‘tgan qurilish tashkilotlari yuqorida ko‘rsatilgan talablarga asosan qurilish jarayonini olib borayotgan bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, fuqarolar mablag‘lari qurilish ishlariga jalb qilayotgan qurilish tashkilotlari elektron platforma ro‘yxatidan o‘tishi shart. Ro‘yxatdan o‘tmasdan turib qurilish ishlariga fuqarolarning mablag‘larini jalb qilish mumkin emas. Elektron platformadan ro‘yxatdan o‘tmagan qurilish tashkilotlari, o‘zlari qurayotgan ko‘p qavatli turar-joy majmuasini reklama qilishi hamda ulushdorning mablag‘larini qurilishga jalb qilishi mumkin emas.

Qurilish ishlari tugallangan uylar egalariga topshirilgandan keyin kamida 2 yil davomida qurilish ob’ekti ekspluatatsiyasining kafolat muddatini amalga oshirib borishi lozim.

Ulushdor fuqarolar qurilish ob’ektidagi qurilish ishlari holati bilan tanishish, shartnoma shartlari bajarilishi bo‘yicha quruvchidan yozma shaklda ma’lumot talab qilish, qurilish ob’ektlarini qurish ustidan texnik, shuningdek, mablag‘larning maqsadli ishlatilishi ustidan nazoratni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuridik shaxslarni yoki mutaxassislarni jalb qilish orqali amalga oshirishga haqlidir.

Qurilish ustidan davlat nazorati Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan amalga oshirib boriladi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA