O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy investitsiya agentligi direktori Umbriyel Temiraliyev bilan uchrashdi.

Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil yanvar oyida Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning bugungi holati va kelgusidagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi ko‘p qirrali munosabatni mustahkamlashga kuchli turtki bergan mazkur tashrif tarixiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Tomonlar kimyo va to‘qimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika va turizm sohalarida, charm-poyabzal, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni jadal hayotga tatbiq etish bo‘yicha qo‘shma rejalar ko‘rib chiqildi.

Xususan, ikki davlat hududida intensiv bog‘lar, yuqori texnologiyali issiqxonalar tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Aniq manzili, tashabbuskorlari belgilangan loyihalar yuzasidan ishni tezlashtirish uchun tadbirkorlik vakillariga har tomonlama yordam berishga tayyorlik bildirildi.

Energetika sohasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. “Qambarota GES-1” qurilishi doirasida zarur bo‘lgan hujjatlar tayyorlanmoqda.

Ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, o‘zaro bog‘langan qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratish maqsadida investitsiya tashabbusini birgalikda moliyalashtirishning muhim vositalaridan biri hisoblangan O‘zbekiston – Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyati ko‘rib chiqildi.

Muzokara yakunida muhokama qilingan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha izchil sa’y-harakatni davom ettirish zarurligi ma’qullandi, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish doirasida kelgusi hamkorlik formati kelishib olindi.

 

O‘zA