Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining 600 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi binosi uchun respublika tovar-xomashyo ishlab chiqarish birjasi orqali “NDKAB TEXAS” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan 482 million 912 ming so‘mga shartnoma tuzilib, 20 dona umumiy 4 tonnalik quyosh energiyasidan suv isitish qurilmasi o‘rnatildi hamda ishga tushirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida o‘tkazilgan majlisda barcha oliy ta’lim muassasalarida muqobil energiya manbalarini o‘rnatish, tizimdagi jarayonlarni raqamlashtirish va xorijdagi talabalar bilan aloqalarni o‘rnatish borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, o‘quv hamda talabalar turar joylari binolarini to‘liq quyosh energiyasi panellari bilan jihozlash topshirilgan edi.
Quyosh energiyasi atrof-muhitni ifloslantirmaydigan, foydalanilishi jihatidan hech qanday biologik xavfi bo‘lmagan, energiyaning yangi turi hisoblanadi. Quyosh – tuganmas energiya manbasi bo‘lib, undan foydalanish energetik masalalarni hal qilishning eng oddiy hamda arzon usulidir. Ahamiyatlisi, quyosh energiyasidan keng miqyosda foydalanish sayyoramizda shakllangan evolyutsion energetik balansni buzmaydi.
bugungi kunda mamlakatimizda aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng ko‘lamda foydalanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, mazkur manbalar orqali elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash, ma’muriy-maishiy binolar hamda inshootlarda energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni talablarini bajarish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng miqyosda foydalanishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini hayotga tatbiq etish maqsadida respublika tovar-xomashyo ishlab chiqarish birjasi orqali 1 milliard 200 ming so‘mga “SUN-HIGHTECH” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma imzolandi. Shu asosda institut binolariga o‘rnatish uchun quvvati 100 kVt bo‘lgan bir komplekt energiya tejovchi quyosh paneli stansiyasi hamda institut atrofini tungi yoritish maqsadida 100 dona quyosh yoritish qurilmasi xarid qilinib, bugungi kunda ushbu qurilmalardan samarali foydalanilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA