Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 5 yil ish tajribasiga ega bo‘lgan ayollar oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinishi haqida asossiz xabarlar tarqalmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tartib mavjud emas.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 9 iyundagi 322-son qaroriga muvofiq mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi tasdiqlangan.
Mazkur tartib 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, ushbu toifadagi xotin-qizlarga jami alohida 500 ta bazaviy to‘lov-kontrakt asosidagi qo‘shimcha qabul parametrlari oliy ta’lim muassasalari kesimida ajratildi.
Ushbu toifadagi xotin-qizlar ajratilgan qabul parametrlariga tanlovlarda ishtirok etishlari uchun dastlab Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lishlari lozim.
So‘ng tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o‘tkaziladi.
Imtihonda eng yuqori ballning kamida 30 foizini to‘plab, ammo talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlar 500 ta bazaviy to‘lov-kontrakt asosidagi qo‘shimcha alohida qabul parametrlari doirasida, ballar ketma-ketligi bo‘yicha tanlovda qatnashadi.
2023/2024-o‘quv yilida ham kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar mazkur tartibga muvofiq kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi.
O‘zA