Shu kunlarda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda. Har bir yo‘nalish bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirilmoqda.
7 yo‘nalish, 100 ta maqsad, 309 banddan iborat Davlat dasturi loyihasi «Taraqqiyot strategiyasi» markazining 2023.strategy.uz hamda davlatdasturi.uz, shuningdek, Hukumatning regulation.gov.uz portallariga muhokama uchun joylashtirilgan. Fuqarolar mazkur portallar, qolaversa, ijtimoiy tarmoqlardagi @dscuzbekistan va @YangiTaraqqiyotStrategiyasi telegram kanallari orqali o‘z takliflarini, munosabatlarini bildirmoqda.
Birgina “Taraqqiyot strategiyasi” markazining 2023.strategy.uz portali hamda telegram kanallari orqali bildirilayotgan takliflar soni 6 mingdan oshdi.
– Markazimizning 2023.strategy.uz portaliga muhokama uchun joylashtirilgan 2023 yilgi Davlat dasturi loyihasi yuzasidan juda ko‘plab takliflar kelib tushmoqda, – deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Furqat Yunusov. – Xususan, joriy yil 20 fevral holatiga maxsus veb-saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali bildirilgan takliflar soni 6 ming 25 tani tashkil etdi.
Bu borada yo‘nalishlar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, birinchi «Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish» yo‘nalishidagi maqsad-vazifalar yuzasidan 2 ming 36 ta taklif kelib tushgan. Ikkinchi «Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish» yo‘nalishida 275 ta taklif, uchinchi «Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash» yo‘nalishida 549 ta, to‘rtinchi «Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish» yo‘nalishida 2 ming 12 ta, beshinchi «Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish» yo‘nalishida 382 ta, oltinchi «Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish» yo‘nalishida 555, yettinchi «Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish» yo‘nalishida 21 ta taklif bildirilgan. Davlat dasturi loyihasi bo‘yicha bildirilayotgan takliflar markaz ekspertlari tomonidan tahlil etilmoqda.
Darhaqiqat, Davlat dasturi loyihasining har bir yo‘nalishi bo‘yicha muhim takliflar, fikr-mulohazalar taqdim etilayotgani fuqarolarning mamlakatimizda kechayotgan siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy jarayonlarga befarq emasligi anglatadi. Ushbu takliflar Davlat dasturini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Muhtarama Komilova, O‘zA