Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida iqtidorli talabalarning “Eng yaxshi innovatsion ishlanma” tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 7 maydagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, talaba-yoshlarning innovatsion ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarish, intellektual darajasini yuksaltirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, izlanuvchanlik mahoratini orttirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda 11 nafar talaba ishtirok etdi.
Tanlov hay’ati tomonidan har bir qatnashchining ilmiy yondashuvlarga asoslangan innovatsion g‘oya, ishlanma va loyihalari taqdimoti tinglanib, atroflicha o‘rganib chiqildi.
Professor-o‘qituvchilardan iborat hakamlar hay’atining xulosasiga ko‘ra, kimyo-texnologiya fakulteti 2-bosqich magistranti Temur Ospanov “YeXSLUSIVE” innovatsion elektr payabzal” loyihasi birinchi o‘ringa munosib deb topilgan bo‘lsa, fizika fakulteti 4- bosqich talabasi Alpamis Yelmuratov “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida nasos qurilmasini ishlab chiqish” hamda geografiya va tabiiy resurslar fakulteti 4-bosqich talabasi Islomjon To‘rejanov “Travel in Karakalpakstan” mobil dastur” loyihalari bilan ikkinchi, geografiya va tabiiy resurslar fakulteti 4-bosqich talabasi Sarsenbay Koptleo‘ov “Hisobchi+” multimediya mobil o‘yin” hamda qurilish fakulteti 3-bosqich talabasi Bao‘irjon Jenisov “Chang tozalash uskunasi” loyihalari bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlar universitetning Innovatsion jamg‘armasi tomonidan pul mukofoti bilan taqdirlandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA