Bugun Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Pokiston moliya vaziri Ishoq Dor bilan uchrashdi.

Transport va logistika, o‘zaro tovar aylanmasi, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasi, bank ishi kabi ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi.

O‘tgan yil 240 million dollarga yetgan O‘zbekiston – Pokiston savdo miqdorini yanada oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Tomonlar tovar ayirboshlashni ko‘paytirishga asoslangan zarur sharoitlar yaratish maqsadida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni amalda joriy etish va transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi.

Muloqot davomida transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasi hayotga tatbiq etilishini tezlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani yaxshi yangilik bo‘ldi. Multimodal yuk tashish miqdorini oshirish, mahsulotlarni uchinchi davlat bozorlariga birgalikda eksport qilish maqsadida har ikki mamlakat hududlarida terminallar yaratish xususida so‘z yuritildi.

Markaziy banklar o‘rtasida SWAP operatsiyalari mexanizmini joriy etish, ikki mamlakat moliya institutlari o‘rtasida vakillik bank munosabatini rivojlantirishga ham kelishildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan yo‘nalishlar yuzasidan hamkorlikni kengaytirishga sodiq ekanini tasdiqladi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA