«Taraqqiyot strategiyasi» markazida yurtimizga amaliy tashrif bilan kelgan Hindiston mudofaani boshqarish kolleji oliy kursi tinglovchilari uchun Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar hamda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyati yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimot davomida “Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov O‘zbekiston so‘nggi besh yilda Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan har bir yo‘nalish doirasida barqaror o‘sish sur’atlariga erishganligini ta’kidladi. Qayd etilganidek,O‘zbekiston fuqarolarning turmush farovonligi yuksalayotgan mamlakat sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda.
2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida Harakatlar strategiyasi doirasida boshlangan xalqchil islohotlar uzviy davom ettirilib, yettita yo‘nalish, yuzta maqsadni qamrab olgan.
Taraqqiyot strategiyasining yettinchi – Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish yo‘nalishi doirasida Janubiy Osiyo, Osiyo-Tinch okeani, MDH, Yevropa Ittifoqi va Amerika mamlakatlari, shuningdek Yaqin, O‘rta Sharq va Afrika mintaqalari davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik yanada jadallashmoqda.
Albatta, O‘zbekistonning Janubiy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorligining kengayishida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik aloqalarining o‘rni muhim ahamiyatga ega.
Taqdimot yakunida hindistonlik tinglovchilarning fikr va mulohazalari tinglandi.
M.Qosimova, O‘zA