Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomiliga yetkazish jarayonlari xususida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov ma’ruza qildi:

— Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida 20 mingdan ortiq muhokamalar tashkil etildi. Fuqarolardan kelib tushgan 220 mingdan ortiq takliflar, shuningdek, deputatlar va siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan bildirilgan takliflar tahlil qilinib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida aks ettirildi. Mazkur jarayonda inson huquqlari, inson qadri masalasiga ustuvor ahamiyat qaratildi. Natijada inson huquqlari va erkinliklariga oid qoidalar qariyb ikki barobarga ko‘paydi.

Takliflarni saralashda qator mezonlarga amal qilindi. Jumladan, takliflarning xalqchilligi, inson qadrini ulug‘lashga tayanilganligi, milliy davlatchiligimiz va qonunlarimizga zid kelmasligi, dolzarbligi, real hayotga mosligi kabi qator mezonlar asosida muhim takliflar tanlab olindi. Amaldagi Konstitutsiyamizning 60 foizdan ko‘proq qismiga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Konstitutsiyaviy qonun loyihasida avval boshida 6 ta modda taklif etilgan bo‘lsa, keyinchalik taklif-mulohazalar asosida 30 ta modda taklif qilindi. Eng muhimi, Yangi O‘zbekiston sharoitida yangilanayotgan  Konstitutsiyamizda “inson – jamiyat – davlat”, “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillar konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlanmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida barcha sohalarda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlanishiga erishish masalasi ustuvorlik kasb etayotir. Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi, hech kim sudning qarorisiz va qonunga nomuvofiq holda uy-joyidan mahrum etilmasligi aniq mustahkamlanmoqda. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi.

Mazkur normaning Konstitutsiyaga kiritilishi bir necha yillardan buyon jamiyatimizda o‘tkir muammolardan biriga aylangan “snos” bilan bog‘liq muammoga nisbatan xalqparvar, mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi oqilona yechim bo‘ladi. Bundan tashqari, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, mulk daxlsizligiga oid normalar o‘z aksini topmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi har bir norma xalqchil va inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga qaratilgani bilan dolzarb ahamiyatga ega, — dedi J.Shirinov.

Qo‘shma yig‘ilishda deputatlar va Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari, ekspertlar Konstitutsiyaviy qonun loyihasi borasida, unga kiritilayotgan yangi normalarning ahamiyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdilar.

Navro‘z Yusupov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

—  bugungi kunda ekologik muammolar butun dunyoni tashvishga solmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham ekologik muammolar, ularni hal etish choralarini ko‘rish masalasi dolzarb. Shulardan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 9-bobida ekologik huquqlar aks ettirilmoqda. Har bir insonning ekologiyaga, toza atrof-muhitga bo‘lgan huquqlari belgilanmoqda.

Shuningdek, davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash, atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, shaharsozlik hujjatlari loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi mustahkamlanmoqda. Bu, albatta, mamlakatimizda ekologiya bilan bog‘liq jarayonlarda alohida ahamiyat kasb etadi.

Mavjuda Hasanova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:  

— Konstitutsiyaviy qonun loyihasida aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha normalar aks ettirilayotgani “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilga mosligi bilan alohida e’tiborga molik. Jumladan, davlatning fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishga oid vazifalarini nazarda tutuvchi yangi modda kiritildi. Bundan tashqari, mazkur moddaga muvofiq, davlat fuqarolar bandligini ta’minlash uchun ularning kasbiy tayyorgarligi hamda qayta tayyorlanishini tashkil etishi va rag‘batlantirishi nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, nogironligi bor shaxslarning himoyasi kuchaytirilayotgani muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantirishi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishiga shart-sharoit yaratishi belgilanmoqda. Bu esa ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarni uy-joy bilan ta’minlashning qonuniy asoslarini yaratadi.

Tadbirda bildirilgan fikr-mulohazalardan so‘ng Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasi yana davom ettirilishi ta’kidlandi. Olimlar, huquqshunoslar, faol yoshlar ishtirokida muhokamalar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgani qayd etildi.


Muhtarama Komilova, O‘zA