Nukus shahrida yashovchi J.R. «102» raqamiga murojaat qilib, noma’lum shaxs «Niva» rusumli avtomashinasini olib qochganini ma’lum qilgan.
Avtomashina ochiq holda, qolaversa kaliti o‘zida turganini ko‘rgan noma’lum shaxs bundan foydalangan. Mashina egasi esa avtomashinasini topish va uni olib ketgan shaxsga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida ushbu avtomashinani noma’lum shaxs shahar hududida boshqarib ketayotgani aniqlangan.
Tabiiyki, ichki ishlar xodimlari mazkur transport vositasini to‘xtatishga harakat qilgan. Biroq, uni boshqarib ketayotgan shaxs qonuniy talablarni bajarishdan bo‘yin tovlab, qochishga harakat qilgan.
Shu jarayonda avtomashinadagi qochoq boshqaruvni yo‘qotib, temir darvozaga borib urilib, avariya sodir etgan.
Ichki ishlar organi xodimlari tomonidan ushlangan qonunbuzarning shaxsiga aniqlik kiritilganida, u Qo‘ng‘irot tumanida yashovchi 26 yoshli I.N. ekanligi va ushbu jinoyatni mast holatda sodir qilgani aniqlandi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibida ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA