O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining taklifiga binoan 20-21 fevral kunlari rasmiy tashrifi jahon hamjamiyati e’tiborida bo‘ldi.

Har qanday davlatning iqtisodiyoti rivoji xalqaro siyosiy maydondagi o‘zaro sheriklik hamda manfaatli munosabatlariga bog‘liq.

Misr Arab Respublikasi azaldan tarixi, madaniyati, qadriyatlari, sivilizatsiyasi bilan dunyo xalqlari madaniyatining rivojlanishiga munosib hissasini qo‘shib kelayotgan davlatlardan biri hisoblanadi.

Bu tarixiy uchrashuvning asosiy maqsadi o‘zaro investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoitlarni yaratishdan iborat. Ikki davlat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirib turuvchi xususiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, 5 ta aniq yo‘nalish – gaz-kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika tarmoqlari yo‘nalishida hamkorlikda ishlash choralari belgilab olindi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda yuqori rentabelli hamkorlikda ishlab chiqarishni tashkil qilish maqsadida O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish tavsiya qilindi.

Energetika sohasida qo‘shma rejalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston hamda Misr Arab Respublikasini bog‘lab turgan transport yo‘llarini rivojlantirish choralari ham muhokama qilindi. Madaniy-gumanitar, shuningdek, diniy aloqalarni rivojlantirishning ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Arab tili mutaxassislarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni yuqori bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘zbekiston Prezidenti 2024 yilda “Arabshunoslik global forumi” ni birgalikda tashkil qilishni tavsiya qildi.

Prezidentlar Misrning “Nazar – 2030” strategik rejasi va “Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi” doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zaro uzviy bog‘liqligini ta’kidlashdi.

Xalqlarimizni umumiy din, biri-biriga yaqin dastur va urf-odatlarga asoslangan azaliy do‘stlik aloqalari bog‘lab turadi. Ushbu munosabat bilan ilm-fan va ta’lim almashinuvlari, umumtarixiy hamda madaniy meroslarimizni birgalikda o‘rganish, yoshlar o‘rtasidagi ijodiy aloqalarni kengaytirish masalalari ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlik kun tartibida alohida o‘rin egallashi qayd etildi. O‘zbekiston – Misr munosabatida har bir sohada imzolangan shartnomalar hamda hamkorlik ertangi kunimizda Yangi O‘zbekistonni qurishda o‘zining munosib natijasini beradi.

Q.Yusupov,  

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti direktorining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari  

O‘zA