Prezidentning “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni va Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Hujjatga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi. 2023 yil 1 apreldan boshlab 27 ta professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining oylik maoshlari 20 foizga oshirilib, o‘rtacha 3 mln so‘mga teng bo‘ladi.

2023 yil 1 iyundan boshlab respublikaning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi. Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish va javobgarligini liberallashtirish maqsadida 2023 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga bir yillik moratoriy o‘rnatiladi.

2023 yilda 53 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 2 barobarga oshirilib, 90 mingga yetkaziladi. 26 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqarolarga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat byudjetidan yetarli mablag‘lar yo‘naltiriladi.

2023 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 8 trillion so‘m, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

2023 yil 1 iyuldan boshlab, “Mahalla byudjeti” tizimini barcha tumanlar va shaharlarda joriy etish orqali mahallalarga o‘z muammosini mustaqil hal etish hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun 800 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltiriladi.

Quvvati 20 kVt va undan past bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarini past (0,23-0,4 kV) kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shart olish talab etilmasligi belgilanmoqda. 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab byudjet tashkilotlariga quyosh paneli va issiq suv kollektorini o‘rnatish majburiyati yuklatiladi hamda 2026 yilga qadar ularning binolari energiya iste’molining 60 foizi “yashil energiya”ga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.

 

O‘zA