Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida davlat oliy ta’lim muassasalarining faoliyat samaradorligini baholash, tahlil qilish va oshirish chora-tadbirlari hamda ustuvor vazifalarni belgilash bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda har bir oliy o‘quv yurti o‘z axloq kodeksini ishlab chiqishi, bu kodeksda oliy ta’lim muassasasining o‘ziga xos jihatlari, talablar, pedagoglar va bitiruvchilarning maqomi, sha’ni, majburiyat va mas’uliyatlarini aks ettirish lozimligi ta’kidlandi. Har bir OTM talabalarning ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lishlari uchun adabiyot, san’at, musiqa va qo‘shiqchilikning turli yo‘nalishlaridan foydalanishi tavsiya etildi.

Qayd etilishicha, endilikda OTMdagi muammoli yoshlar va iqtidorli talabalarga alohida sharoit yaratiladi, ularni rag‘batlantirish mexanizmlari ishlab chiqiladi. Kelgusida har bir talaba tarbiyasi bilan individual shug‘ullanish tartibi joriy etiladi. Uyushmagan qatlam va iqtidorli talabalar bilan muntazam muloqotlar tashkil etiladi. Iqtidorli talabalar xorijiy universitetlarga qisqa muddatli stajirovkalarga jo‘natish an’anasi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, mazkur uchrashuvda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirokchilarga OTM rahbarlarini vazirlikning yangi tuzilmasi, tizim tashkilotlari, rahbar va mutasaddi xodimlar bilan tanishtirdi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA