Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 1-4 fevral kunlari vodiy viloyatlariga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan partiya va fraksiya oldidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

— Prezidentimiz tashrif chog‘ida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yoshlarga kasb o‘rgatish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berdi, — dedi fraksiya rahbari A.Haitov. — Mazkur vazifalardan kelib chiqqan holda partiyamizning aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Xususan, O‘zLiDeP siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etildi. Endilikda ishchi guruhlarimiz tomonidan energiya resurslarini iqtisod qilish, muqobil energetikani rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash kabi masalalarda targ‘ibot-tashviqot, deputatlik nazorati olib boriladi.

Fraksiya a’zolari ham mazkur tashrif va unda belgilangan vazifalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Shuningdek, yig‘ilishda “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasida taklif etilayotgan o‘zgartirishlar banklarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish orqali bank sektoriga strategik xorijiy investorlarni jalb qilishga xizmat qiladi.

Fraksiya a’zolari yana bir qator qonun loyihalarini muhokama qilib, qo‘llab-quvvatladilar.

 

M.Komilova, O‘zA