Ushbu asar muallifi – O‘zbekiston xalq shoiri, Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofoti laureati, “Do‘stlik” va “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi Shukrullo (Yusupov)ni tanimaydigan ziyoli, kitobxon bo‘lmasa kerak.

Adibning “Kafansiz ko‘milganlar” asari 1951 yillarda yozila boshlagan bo‘lsa-da, istiqlol shabadalari esa boshlagan 1991 yillarga kelibgina dunyo yuzini ko‘radi.

“Kafansiz ko‘milganlar” – Sho‘rolar zamonida “Vatan xoini”, “bosmachi”, “chet el josusi” kabi tamg‘a, bo‘htonlar bilan Sibirlarga surgun qilingan, yo‘q qilingan Turkiston ziyolilari haqida.

Ma’lumot uchun, birgina 1937 yil 10 avgustidan 1938 yil 1 yanvarigacha bo‘lgan vaqtda O‘zbekiston bo‘yicha jami 10700 kishi “bosmachi” degan tamg‘a bilan qamoqqa olingan. Ulardan 3613 kishi otuvga, 7087 nafar inson 10 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan.

NKVDning qirg‘in mashinasi, hatto urush davrida ham to‘xtamagan. O‘zbek xalqi Ikkinchi jahon urushida ham joni, ham moli bilan mislsiz fidoyilik ko‘rsatishiga qaramasdan 1950 yilga kelib uning bir qator ziyoli farzandlari “davlat xoini”, “chet el josusi” degan tuhmatlar bilan qamoqqa olinadi. Ming-minglab begunoh insonlar Rossiyaning eng chekka va sovuq o‘lkalariga surgun qilinadi.
Shukrullo domla ana shunday buhtonga uchragan ziyolilardan edi.

“Bordiyu kimdir menga bu ko‘rgiliklar biron payt ota-onangning dilini ranjitganing, ozor berganing uchun desa, ularning oyoqlariga yiqilib tavba-tazarru qilishga, hatto har qanday jazoga ham rozi bo‘lardim. Ammo o‘z vatanim, xalqimga esa aslo xiyonat qilgan emasman! Agar shundoq bo‘lganda o‘limimga rozi edim” deya yozadi adib.

Romanni qardosh turk tiliga Shuayip Karakash ag‘dargan.

Kitob debochasida shunday bitikka duch kelasiz:

“Bu kitob ozod Turkiston yo‘lida qizillarning o‘qlariga nishon bo‘lgan “Kafansiz ko‘milganlar”-“Tirik ruhlar” – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, G‘ozi Yunus o‘g‘li, Usmon Nosir, Ubaydullo Xo‘jayev kabi ma’sum va mazlum millionlarning aziz xotiralariga bag‘ishlanadi”…

Ha, “Kafansiz ko‘milganlar” – nohaq qurbon bo‘lgan, sud hukmidan burun nom-nishonsiz yo‘q qilingan – tirik ruhlar, asl o‘g‘lonlar haqida.

Bu asar – egilgan, bukilgan ammo sinmagan haqiqat, mustahkam iroda haqida…

O‘zA