Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama etildi.

Ushbu qonun loyihasi bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Erkin Muhitdinov ma’ruza qildi:  

— Mamlakatimizda mehnat resurslari balansini shakllantirish tartibini takomillashtirish, norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun soliq summasining har oylik to‘lovi belgilangani, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolarning ijtimoiy soliq to‘lovlarini hamda ularning mehnat stajini hisoblashdagi mavjud ayrim noqulayliklar sohani rivojlantirishga to‘siq bo‘lmoqda. Qonun loyihasi bilan mazkur muammolarni bartaraf etish ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, loyihada chorvachilik, issiqxona, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, limonchilik, gulchilik faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga o‘zlariga tegishli bo‘lgan tomorqa yer uchastkasi maydonining hajmi yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qat’i nazar ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni to‘lashga ruxsat etilishi, sohalarda ijtimoiy soliqning belgilangan miqdorini to‘lash fuqarolarning mehnat stajini hisoblashda bir kalendar yili deb hisobga olinishi taklif etilmoqda.

Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasi yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar hamda shaxsiy tomorqa yer uchastkasida o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolarning ijtimoiy soliq to‘lovlari va ularning mehnat stajini hisoblashdagi muammolarni bartaraf qilishga xizmat qiladi.


M.Komilova, O‘zA