Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Sudlarda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Unda deputat Dilbar Mamajonova yer uchastkalari bilan bog‘liq muammolar ko‘pligini bildirdi:

 

– Joylardagi o‘rganishlarimiz davomida yer uchastkalari bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. Fermerlarga uzoq muddatga foydalanishga berilgan yerlar ular tomonidan fuqarolarga uy-joy qurish uchun berilgan. Fuqarolar hokim qarori bilan yerni olib, uy qurgan, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirgan. Ammo bugungi kunda ularning uy-joylari o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilgan yer sifatida tortib olinmoqda yoki jarimaga tortilmoqda. Bu kabi holatlarda fuqaro nima qilishi kerak? Qo‘lida hujjati bo‘la turib, uysiz, yersiz ko‘chada qoladimi? Bunday holatda ularning davlatga ishonchi so‘nmaydimi?, – dedi deputat.

Gap shundaki, mazkur qonun loyihasi bilan yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishni ta’minlash, bu sohada qonuniylikni mustahkamlash maqsadida Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga sudlar tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar yuzasidan davlat manfaatlari bilan bog‘liq ishlarda prokurorning majburiy ishtirok etishini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

— O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 17-moddasida yerga bo‘lgan mulkchilik shakllari, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari belgilangan, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi departament boshlig‘i Otabek Ismoilov. — Unga ko‘ra, yuridik shaxslar ushbu kodeksga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq mulk, doimiy foydalanish va ijara huquqi asosida yer uchastkalariga ega bo‘lishi mumkin. Sug‘oriladigan yerlarda uy-joy qurish mumkin emas. Ammo qancha sug‘oriladigan yerdarda uy-joy qurilgani, bu oziq-ovqat ta’minotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi o‘rganiladigan bo‘lsa, masala oydinlashadi. Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, sudlar tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar yuzasidan davlat manfaatlari bilan bog‘liq ishlarda prokurorning majburiy ishtirok etishi belgilanmoqda. Bu yerga oid ishlarni ko‘rish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi yuzasidan muhokamalarda so‘z olgan deputatlar yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar yuzasidan davlat manfaatlari bilan bog‘liq ishlarda prokurorning ishtirok etish zarurati nimada, prokurorning davlat manfaatlari nuqtai nazardan ishtirok etishi fuqarolarning zarariga ishlamaydimi, bunda fuqarolar jabrdiyda bo‘lib qolmaydimi kabi savollarni o‘rtaga tashladi.

Oliy sud vakillarining ta’kidlashicha, o‘rganishlar davomida 2 million 700 ta noqonuniy qurilmalar aniqlangan. Bu borada ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. O‘rganilsa, hujjatlari ham soxta bo‘lib chiqadi. Sud ana shu kabi soxta hujjat qilingan uy-joylar masalasidagina fuqarolarning zarariga qaror chiqarishi mumkin.

— Qaysidir mansabdor shaxs o‘z vakolatini suiiste’mol qilib, yer sotgan, kimdir kadastr hujjatini tayyorlab bergan, lekin javobgarlikka kelganda, yana fuqaro jabr ko‘radi, — dedi deputat Maqsuda Vorisova. — Fuqaro o‘zicha dalaning o‘rtasidan uy qurib olmaydi, kimdir ruxsat bergani uchun quradi. Shunday ekan, yerni noqonuniy sotgan mas’ul javob berishi lozim.

Qizg‘in bahs-munozaralarda bu kabi holatlarda hujjatlarning qonuniyligi hamda odil sudlovni ta’minlashda prokurorning o‘z vakolati doirasida ishtiroki muhim ekani ta’kidlandi.


Muhtarama Komilova, O‘zA