Huquqiy munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 31-moddasiga muvofiq, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan va yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor – YATT hisoblanadi.

Xo‘sh, yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq solinadimi? Yakka tartibdagi tadbirkorlarning boshqa tadbirkorlardan qanday farqi bor? Ularga qanday imtiyozlar berilgan?

Bu boradagi savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev javob berdi.

– Normaga ko‘ra, fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqlidir.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar jismoniy shaxs hisoblanadi. Yakka tartibdagi tadbirkor tadbirkorlik faoliyati bilan yuridik shaxs tashkil etmagan holda shug‘ullanadi. Ya’ni, yakka tartibdagi tadbirkorning alohida tashkiloti mavjud bo‘lmaydi. YATT o‘z faoliyatini amalga oshirishda shaxsiy ish hujjatlari blankalaridan, muhr, shtamplardan foydalanishga haqli.

Yakka tartibdagi tadbirkorlik yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mustaqil, mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulk negizida, shuningdek, mol-mulkka egalik qilish yoki undan foydalanishga yo‘l qo‘yadigan o‘zga ashyoviy huquq asosida amalga oshiriladi.

– Yakka tartibdagi tadbirkorlar qanday tartibda soliq to‘laydi?

– Bir kalendar yili davomida YATTning olgan daromadi 100 million so‘mgacha bo‘lsa, qat’iy belgilangan tartibda soliq to‘laydi. Bir kalendar yilida olgan daromadi 100 million so‘mdan oshgan, biroq 1 milliard so‘mdan oshmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar tovar aylanmasidan olinadigan daromad hisobidan soliq to‘lashga o‘tkaziladi.

Shuningdek, bir kalendar yilida tovarlar aylanmasidan olingan daromadi 1 milliard so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlarni yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibda to‘lashga o‘tkaziladi.

Ularning joylashgan joyi va faoliyat turidan kelib chiqib, Toshkent shahridagi tadbirkorlar uchun alohida, viloyat markazidagi tadbirkorlar uchun alohida va chekka hududlardagi tadbirkorlar uchun alohida qat’iy belgilangan soliq stavkasi belgilangan.

– YATTlar uchun qanday imtiyozlar berilgan?

– YATTlar faoliyatini boshlagandan keyin bir oy davomida soliqlardan ozod etiladi. Shuningdek, I, II guruh nogironligi bo‘lgan YATTlar belgilangan soliq stavkasining 50 foizi miqdorida soliq to‘laydi.

Agar YATT 2 yoki undan ortiq faoliyat turi bilan shug‘ullansa (ya’ni bir paytda ham chakana savdo, ham xizmat ko‘rsatish) har biri uchun alohida belgilangan qat’iy stavkada soliq to‘laydi, ammo bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida umumiy bitta ijtimoiy soliq to‘lashi belgilangan.

YATT o‘z faoliyat turidan kelib chiqib, 1 nafardan 3 nafargacha ishchi yollash imkoniyatiga egaligi, ya’ni chakana savdo bilan shug‘ullanadigan tadbirkor 1 nafargacha, maishiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor 3 nafargacha ishchi yollashi mumkin.

Hozirda YATT yuzga yaqin faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA