Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Dastlab yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hududlar iqtisodiyoti, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi o‘rganishlari yakunlariga to‘xtalib o‘tildi.

— Davlatimiz rahbarining Farg‘ona vodiysi viloyatlariga tashrifi samarali bo‘ldi, — dedi fraksiya rahbari Alisher Qodirov. — Tashriflarda energetika bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratildi. Butun dunyoda ustuvor hisoblangan «Yashil energetika»ga o‘tish bilan bog‘liq masala ko‘tarildi. Mamlakatimizda energetika tizimini jiddiy isloh qilish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi. Bunda muqobil energiya ishlab chiqarish qo‘llab-quvvatlanib, endi yirik korxonalar muqobil energiyadan foydalanishga ustuvorlik berishi lozimligi ta’kidlandi. Bu 15 milliard kubgacha gazni iqtisod qilish, milliardlab qo‘shimcha qiymat va minglab fuqarolar uchun ish o‘rni degani. Endi odamlar o‘z uyiga quyosh panellari o‘rnatib, ehtiyojidan ortig‘ini davlatga ikki barobar qimmatga sotish bo‘yicha takliflar bildirildi. Odamlar ham energiyani isrofsiz ishlatishni o‘rganishi kerak. Uylarda issiqlikni asrash bo‘yicha oddiy talablarga rioya qilishimiz lozim, – dedi fraksiya rahbari.

Yig‘ilishda deputatlar ham so‘zga chiqib, Prezidentning Farg‘ona vodiysi viloyatlariga tashrifi mazmun-mohiyati bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdilar. Shundan so‘ng deputatlar kun tartibiga kiritilgan qonun loyihalarini muhokama qildi.

Bundan tashqari Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi o‘tgan 2022 yildagi faoliyati muhokama qilindi.

— Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya faoliyati yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi, — dedi deputat Umida Rahmonova. — Komissiya 2022 yil davomidagi faoliyati davomida qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil tadbirlari, amaliy tadbirlar va targ‘ibot, xalqaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratib, samarali faoliyat olib bordi. Qonun loyihalari yuzasidan takliflar ishlab chiqish komissiya faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Komissiya tomonidan qonun loyihalariga yoshlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalarini inobatga olgan takliflar berish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan davr mobaynida komissiya tomonidan 30 dan ortiq qonun loyihalari yuzasidan 60 ga yaqin asoslantirilgan takliflar tayyorlandi.

Fraksiya a’zolari yig‘ilishda ko‘rilgan barcha masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar.


Muhtarama Komilova, O‘zA