O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tuman bo‘linmasining “Obod mahallam” nomli loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan “Mahallalarda obodlikni ta’minlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholining tibbiy va ekologik madaniyatini oshirish” mavzusidagi davlat granti tanlovida g‘olib bo‘lgan edi.

Loyihaning asosiy maqsadidan biri aholining ekologiyaga oid bilimlarini yanada kengaytirish maqsadida uchrashuvlar, davra suhbatlari, tanlovlar tashkil qilish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, atrof-muhit muhofazasiga hissa qo‘shishdan iborat.

Tumandagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Tabiat va biz” mavzusida rasmlar tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda 42 nafar iqtidorli maktab o‘quvchisi ishtirok etdi.

Hakamlar xulosasiga ko‘ra 40-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Zafarjon Bahromboyev birinchi, 1-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Maftuna Nurimbetova ikkinchi, 57-umumta’lim maktabning 11-sinf o‘quvchisi Otabek Norboyev uchinchi o‘rinlarni egalladi. Shuningdek, “Eng yaxshi qishloq tasviri”, “Kompozitsion tasvir uchun”, “Bunyodkorlik g‘oyasi uchun”, “Eng yaxshi tabiatni asrash mavzusi uchun”, “Go‘zal tabiat tasviri uchun”, “Eng yorqin tabiat tasviri uchun” nominatsiyalari g‘oliblari aniqlandi.

G‘olib va sovrindorlarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi tomonidan Faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.


Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri