Davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Belgilangan tartibga ko‘ra, davlat idoralariga ishga kirish uchun test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzod suhbat bosqichida ishtirok etadi.

Xo‘sh, bu bosqich qanday tashkil etiladi?

Mazkur savolga Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining boshqarma boshlig‘i Abbos Akramov quyidagicha javob berdi:

–Suhbat bosqichi davlat tashkilotlari xodimlaridan iborat bo‘lgan tanlov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi, – deydi Abbos Akramov. –Suhbatlar intervyu yoki taqdimot kabi usullarda amalga oshiriladi. Intervyu usulida har bir nomzodga soha bo‘yicha bilim va shaxsiy va kasbiy kompetensiyasi, umumiy dunyoqarashi hamda vakant lavozimga mosligini o‘rganish bo‘yicha savollar tasodifiy tarzda beriladi. Suhbatlarni  taqdimot usulida o‘tkazish tartibida har bir davlat tashkiloti suhbat o‘tkazish kunidan uch kun oldin nomzodlarning shaxsiy kabinetiga taqdimot mavzularini yuboradi.

Nomzodlar berilgan mavzulardan bittasini tanlab olib, taqdimot qilib berishlari kerak bo‘ladi. Suhbat yakuni bo‘yicha har bir tanlov komissiyasi a’zolari nomzodlarni 100 ballik shkalada baholaydi va suhbat natijasida eng yuqori ball to‘plagan nomzod tanlov g‘olibi hisoblanadi. Tanlovlarning suhbat bosqichida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi vakili kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.  

O‘zA