Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Millatlararo totuvlik, birdamlik va xalqlar do‘stligi” shiori ostida do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i T.Atamuratov, Orolbo‘yida faoliyat olib borayotgan qozoq, rus, ukrain, turkman, koreys milliy madaniyat  markazlari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek teng huquqli va o‘zaro birdamlikda yashab, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, bilim olishi, kasb -hunar o‘rganishi, madaniyati, urf-odat dasturlarini saqlash va rivojlantirish uchun mamlakatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.

Tadbirda  so‘zga chiqqanlar millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar mamlakatimizda ushbu sohada strategik maqsad sari birlashtirishga xizmat qilishi, jamiyatda millatlararo totuvlikni, o‘zaro hurmat, mehr-muruvvat, tinch va totuvlikni mustahkamlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash,  yurtimizda xalqni rozi qilish maqsadida olib borilayotgan islohotlar ijobiy samarasini berayotganligini qayd etdi. Mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish, milliy qadriyatlarini saqlab qolish, urf-odat dasturlarini rivojlanishiga barcha imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida ko‘p millatli xalqimizning totuvligini mustahkamlash, Ona Vatanimizning yanada gullab-yashnashiga xizmat qilmoqda.

Festival doirasida mehmonlar milliy madaniyat markazlari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar, universitetda tahsil olayotgan turli millat vakillaridan iborat  faol va iste’dodli talaba-yoshlarning konsert dasturidan bahramand bo‘lishdi.


Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA