Samarqand viloyati hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Elchi o‘tgan yilning iyul oyida diplomatik missiya rahbari etib tayinlangan edi.

Viloyat hokimi mehmonlarni qutlab, ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

– Bundan 26 yil oldin ham O‘zbekistonga kelgandim, – deydi Jonatan Xenik. – O‘tgan vaqt ichida mamlakatdagi ulkan o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldim. Samarqand dunyoda o‘zining munosib o‘rniga ega shahar. Shahar bugun madaniyat, turizm shahriga aylanibdi. O‘zbekiston-Amerika muloqoti xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari, o‘zaro manfaatli, demokratik qadriyatlarga sodiqlik asosida amalga oshirilmoqda.

Buning samarasida viloyatda amerikalik ishbilarmonlar sarmoyasi ishtirokidagi 18 qo‘shma va xorijiy korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Tomonlar bugungi kunda hamkorlik qilishlari mumkin bo‘lgan sohalarni, ayniqsa, amerikalik investorlar, sayyohlarni Samarqandga jalb etish masalalarini muhokama qildilar.

Do‘stona ruhda o‘tgan muloqot yakunida tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy, fan, ta’lim, madaniy-ma’rifiy sohalarda ikki tomonlama manfaatli hamkorlik ko‘lamini kengaytirishni kelishib olishdi.


G‘. Hasanov, O‘zA