Mamlakatimizda xotin-qizlarning manfaatlari va huquqlarini qonun bilan muhofaza qilish, ularning davlat boshqaruvi va jamiyatning barcha jabhalarida faolligini oshirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida davlat organlarida genderga oid auditni o‘tkazuvchi mutaxassislar, vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari uchun amaliy o‘quv seminari tashkil etildi.

Seminar ishtirokchilariga “O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunning mazmun-mohiyati, O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash masalalarida erishilgan natijalar va bu boradagi ustuvor vazifalar, davlat xizmatida gender tenglikni ta’minlash masalalari hamda gender statistikasi, mehnat munosabatlarida gender tenglikni ta’minlash borasidagi muammo va yechimlar, gender tenglikni ta’minlash va BMT tavsiyalarini amalga oshirish masalalari, genderga oid terminologiyaning xotin-qizlar ijtimoiy holatini yaxshilashga qaratilgan imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot va tushuntirishlar berildi.

Bundan tashqari, tadbirda gender audit o‘tkazish bo‘yicha metodologiya ishlab chiqish lozimligi borasida so‘z yuritilib, mazkur metodologiya gender audit o‘tkazish institutining faoliyatini takomillashtirishga asos bo‘lishi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Bu borada ishtirokchilar tomonidan gender audit o‘tkazish tartibi, bosqichlari bo‘yicha bir qancha takliflar berib o‘tildi.

O‘zA