Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa san’ati institutida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov ijodiga bag‘ishlangan “Sog‘inganimda” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ma’rifiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, O‘zbek Milliy maqom san’ati markazi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa san’ati instituti tomonidan tashkil etildi.

O‘zbek Milliy maqom san’ati markazi bosh direktori, musiqashunos olim Soyibjon Begmatov  va boshqalar mamlakatimizda asrlar osha sayqal topib kelayotgan milliy maqom san’atimizni yanada rivojlantirish, ushbu bebaho san’atni ustozlardan shogirdlarga bezavol yetkazishda Abduhoshim Ismoilov singari fidoyi musiqachilarning hissasi katta ekanini ta’kidladi.

Darhaqiqat, ustoz san’atkor maqom san’atining jozibasi va betakrorligini xalqimizga yetkazishda, uni yurtimiz va xorijda targ‘ib etishda fidokorona mehnat qilmoqda. Bu jihatlarni Abduhoshim Ismoilov rahbarlik qilib kelayotgan Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli faoliyatida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. O‘tgan vaqt mobaynida mamlakatimizdagi musiqiy dasturlar, konsertlar, yirik madaniy loyihalarga milliy ruh, o‘zbekona musiqiy ohanglar bag‘ishlashda, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa ko‘plab shoir bobokalonlarimizning mumtoz va betakror she’riyatini go‘zal milliy taronalar orqali targ‘ib etishda ustoz san’atkor va u boshchiligidagi musiqiy jamoaning xizmatlari g‘oyat ulkan  bo‘lmoqda.

Taqdimoti bo‘lib o‘tgan “Sog‘inganimda” nomli to‘plam bastakor va sozanda Abduhoshim Ismoilovning milliy musiqa san’atimiz rivojiga qo‘shayotgan hissasi haqida hikoya qiladi.

Ushbu to‘plamda ilk marotaba ustoz san’atkor, taniqli sozanda va mahoratli bastakor Abduhoshim Ismoilovning ijodiy faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, saksondan ortiq asarlarning to‘liq nota yozuvi va matni bayon etilgan. Kitob izlanuvchi tadqiqotchilar, Oliy va o‘rta musiqiy ta’lim tizimi o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Shuningdek o‘zbek bastakorlik san’atiga qiziquvchi keng jamoatchilik uchun mo‘ljallangan.

Milliy musiqa ixlosmandlari va soha mutaxassislari e’tiboriga havola etilayotgan ushbu to‘plamga kiritilgan qo‘shiq va taronalarning ohangi va badiiyligi ahamiyatga molikdir. Ularning aksariyati yangi uslubda, o‘zbek milliy musiqasining eng nozik jihatlaridan foydalangan holda yaratilgani bilan ahamiyatli. To‘plamni varaqlagan har bir kitobxon  ustoz Abduhoshim Ismoilovning sa’y-harakatlari bilan ohanglarning yangicha ishlangan shakli, musiqa asboblarining barcha turlari imkoniyatidan g‘oyat unumli foydalanish, cholg‘uchilik ansambli ijrochiligini mukammallashtirish, oldinroq mashhur va sevimli bo‘lgan ohanglarga yangi hayot bag‘ishlash, sho‘x va dilxush jamlanma musiqiy asarlarni yaratish va ularni xalqimizga taqdim etish zavqini yurakdan anglaydi.

Ustoz Abduhoshim Ismoilov ishtirokidagi davralar g‘oyat fayzli, jo‘shqin, milliy kuy-qo‘shiqlarga, gurunglarga boy tarzda o‘tishi musiqa ixlosmandlariga yaxshi ma’lum. Bu gal ham xuddi shunday bo‘ldi. Tadbirda yozuvchi va shoirlar, musiqashunos olimlar, bastakor va sozandalar mohir san’at ijodi va yangi nashr etilgan to‘plam xususida batafsil so‘z yuritdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari tomonidan Abduhoshim Ismoilovga Alisher Navoiyning yaqinda chop etilgan asarlari to‘plami tuhfa etildi. Taqdimot tadbiri milliy mumtoz kuy-qo‘shiqlardan iborat konsert dasturiga ulanib ketdi.


Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri