Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlarining tahliliga ko‘ra, 2017-2022 yillarda sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 21,1 foizdan 26,7 foizga oshgan. Bu davrda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi o‘sish sur’ati 141,3 foizdir. Bunday barqaror o‘sish YAIMda sanoatning ulushi ortishiga olib keldi.

Ishlab chiqaradigan sanoat tarmog‘i jadal sur’atlar bilan rivojlanib, o‘sish sur’ati o‘tgan davr mobaynida 147,4 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, elektr, issiqlik va gaz ta’minoti tarmog‘i (139,2 foiz), shuningdek, tog‘-kon sanoati (130,4 foiz) jadal sur’atlarda rivojlandi.

O‘zbekiston sanoatining 83,2 foizini ishlab chiqaradigan sanoat tarmog‘i tashkil etadi. Bu yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, xomashyoni qayta ishlash darajasini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan tarmoqlarni rivojlantirish kompleks dasturlari hayotga tatbiq etilayotgani natijasidir.

O‘rta va yuqori texnologiyali tarmoqlar ulushining 52,7 foizdan 61,7 foizga oshgani ham sanoat tarkibidagi sifat o‘zgarishlaridan dalolat beradi. Bu ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham xaridorgir bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lami oshgani dalilidir.

Masalan, portlandsement ishlab chiqarish shu davrda 1,3 barobar, qo‘rg‘oshinli akkumulyatorlarni ishlab chiqarish 1,4 barobar, avtomobil dvigatellarini ishlab chiqarish 2,5 barobar, yengil avtomobillarni ishlab chiqarish – 2,3 barobar, sovutgich va muzlatgichlarni ishlab chiqarish 3,7 barobar oshgan.

 

O‘zA