2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 2-maqsadida xalq deputatlari Kengashlarini hududlarda mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy bo‘g‘inga aylantirish, 3-maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish belgilangan.

7-maqsadida esa mamlakatimizdagi islohotlarni izchil davom ettirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish, jumladan, parlament palatalarida hududlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, masofaviy ishlash amaliyotini keng joriy qilish, hududlarni rivojlantirish va investitsiya dasturlari muhokamasida tegishli hududdan saylangan deputat va senatorlarning ishtirokini kuchaytirish, «Elektron parlament» doirasida deputatlarni o‘z saylovchilari bilan bog‘lash, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish, saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish va hal etish jarayonini raqamlashtirish vazifalari o‘z aksini topgan.

Ushbu maqsad-vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining Parlamentarizmni rivojlantirish bo‘yicha BMT o‘quv markazi tomonidan hududiy vakillik organlari deputatlarining malakasini oshirish maqsadida o‘quv kurslarini tashkil etish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunda har bir siyosiy partiyaning mahalliy Kengashlardagi deputatlari uchun maxsus o‘quvlar tashkil etilib, ularning tajribasi hamda faolligini oshirish maqsad qilingan.

Mazkur loyihaning dastlabki “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish” mavzusidagi o‘quvida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlari ishtirok etdi.

Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi XDP fraksiyasi a’zosi Maqsuda Vorisova hamda  Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonov kirish so‘zi bilan ochib berdi:

— bugungi islohotlar jarayonida mahalliy Kengashlar deputatlarining faolligini oshirish, ularning o‘z vakolatlaridan kelib chiqib, hududlar rivojiga qaratilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirishi dolzarb ahamiyatga ega, — dedi Foziljon Otaxonov. — Shu ma’noda mazkur o‘quvlar deputatlarning vakolatlari doirasidagi takliflarining ilmiy asoslari va rivojlangan davlatlar tajribasida qanday tartibga solingani, deputatlik nazoratini amalga oshirishning samarali yo‘llarini xorijiy tajribalarni o‘rganish orqali amaliyotga tatbiq etishiga yordam beradi.

Deputatlar ishtirokidagi o‘quv davomida  “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolatlari”, “Mahalliy byudjetni shakllantirish hamda uning ijrosi ustidan deputatlik nazorati”, “Mahalliy soliqlarni belgilash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish”,  “Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida, parlament nazorati tadbirlarida mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari vakillarining ishtirok etishi, ularning fikrlarini olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Mavzular doirasida mahalliy Kengashlarning vakolatlariga doir milliy va xorijiy tajribalar borasida ma’lumotlar taqdim etildi.

— Mamlakatimizda 60 foiz aholi hududlarda istiqomat qiladi, — dedi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti BMT o‘quv markazi rahbari G‘olibjon Mahammadjonov. — Shu ma’noda mahalliy Kengash deputatlarining hududlar rivojidagi ishtiroki va faolligini oshirish muhim hisoblanadi. Mahalliy vakillik organi vakillarining iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, aholi va hukumat o‘rtasidagi vositachilik rolini yanada samarali va demokratik tamoyillarga xos tashkil etish orqali farovonlikni taminlash lozim. Bu boradagi faoliyatni jonlantirishda xalqaro tajribalarning muhim, o‘zimizga xos va mos jihatlarini o‘rganish yaxshi samara beradi.

Jumladan, Singapur, Finlyandiya, Germaniya, Daniya va Shvetsiya kabi mamlakatlar tajribalarida o‘ziga xosliklar mavjud. Masalan, Germaniya tajribasiga ko‘ra, parlament vakillari oyda 2 marotaba mahalliy kengash deputatlari bilan uchrashuvlar tashkil etadi. Bu borada bizda ham har oyda bir marotaba mahalliy Kengashlar

deputatlari va Qonunchilik palatasi deputatatlari bilan uchrashuvlar tashkil etish, ularning o‘zaro hamkorligini ta’minlovchi yagona platformani shakllantirish maqsadga muvofiq.

O‘quv davomida mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada jonlantirish yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.


Muhtarama Komilova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA