Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 yanvar kuni Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida jamoat transportining yangi tizimini joriy etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Jamoat transporti aholining uzog‘ini yaqin qilib, xarajati va vaqtini tejaydigan, hayot sifatini ko‘rsatadigan muhim ijtimoiy xizmat. Yurtimizda bu xizmatdan kuniga 10 milliondan ortiq yo‘lovchi foydalanadi.

Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida yo‘lovchi tashish sifatini yaxshilash maqsadida 2023 yilda yana 2 mingta avtobus olib kelinishi aytilgan edi. Lekin, dedi Prezident yig‘ilishda, qancha ko‘p avtobus olib kelinmasin, joylardagi transport boshqarmalari va avtobus parklarida hozirgi ish tizimi o‘zgarmasa, aholi ehtiyojiga yarasha xizmat ko‘rsatib bo‘lmaydi.

Barcha hududlarda aholi uchun yangi uy-joy, maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa muassasalar barpo etilayapti. Lekin, transport sohasi bu o‘zgarishlardan orqada qolib, bugungi rivojlanish talablariga mos kelmayapti.

Xususan, ayrim viloyat markazida jamoat transportini rivojlantirish rejasi ishlab chiqilmagan. Transport korxonalari kunlik tushum rejasini bajarishga bog‘lanib qolgani bois avtobuslar kunning “eng daromadli” paytida harakatlanishga odatlanib qolgan. Qolgan vaqtda yo‘lovchilar uzoq kutish yoki taksida yurishga majbur.

Shu bois yig‘ilishda sohadagi ish tizimini o‘zgartirib, xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, kunlik tushum rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi. Tashuvchilarga mablag‘lar avtobusning yurgan masofasi va odamlar xizmat sifatidan qoniqishiga qarab beriladi. Xizmat sifatiga avtobusdagi qulayliklar va sanitar holat, kech qolmasdan bekatga yetib kelishiga qarab baho beradigan tizim bo‘ladi.

Bu tizim Toshkent, Samarqand, Andijon va Urganch shaharlarida joriy yilda, boshqa viloyat markazlari va Nukus shahrida kelgusi yilda yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari jamoat transporti aholiga qulay, tadbirkorlarga jozibador bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Hozirgi avtobus yo‘nalishlarini so‘nggi yillardagi aholi ehtiyoji asosida qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Prezidentimiz bu borada mahalliy so‘rovlar o‘tkazib, aholining talab va istaklarini bilish zarurligini ta’kidladi.

Transport parkini izchil yangilab borish ham muhim. Yig‘ilishda buni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Jumladan, jamoat transporti yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq tenderda avtobuslarning yangilik darajasi asosiy mezon etib belgilanadi. Tashuvchilarga to‘lanadigan mablag‘larni shakllantirishda har yili avtobuslarning 20 foizini yangilab borish xarajatlari ko‘zda tutiladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar olib kelgan yangi avtobuslar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha muddatga imtiyozli kredit beriladi.

Yo‘llarda jamoat transportining to‘siqsiz harakatlanishini ta’minlash – dolzarb masala.

Toshkent shahrida 73 ta asosiy ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘lak tashkil etib, chorrahalar o‘tkazuvchanligini oshirish dasturi ishlab chiqildi. Bu orqali avtobuslarning o‘rtacha tezligi 1,5 baravar oshib, kechikishlar bartaraf etiladi.

Viloyatlar hokimlariga o‘z hududida poytaxtdagidek kabi transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlab, amalga oshirishni boshlash topshirildi. Bunda yo‘l va chorrahalarda jamoat transportiga ustuvorlik berish, bekatlarda aholi va tadbirkorlarga sharoit yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.