Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoq va veb-saytlarda yurtimizdagi ayrim “Metan zapravka”lar ommaviy sotuvga qo‘yila boshlanganligi bilan bog‘liq xabarlar tarqaldi.

Shu o‘rinda qiziq savol tug‘iladi: Nega kutilmaganda “metan zapravkachi”lar o‘z mulklarini ommaviy sotuvga chiqara boshladi? Buning sababi nimada? Bu gaz ta’minoti bilan bog‘liqmi yoki buning boshqa sabablari ham bormi?

Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim foydalanuvchilar holatning bunday tus olishiga gaz ta’minotidagi beqarorlik sabab bo‘layotgani, qolaversa, gazdan noqonuniy foydalangan “zapravka” egalari faoliyati tekshiruvdan o‘tkazilayotgani sababli o‘z ulushlarini sotishga tushgani haqida fikr bildirmoqdalar.

Ammo, nima bo‘lganida ham aholining yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda sezilarli ulushga ega bo‘lgan mazkur gaz quyish shoxobchalarining bu kabi holatlar tufayli faoliyatida kelib chiqadigan uzilishlar fuqarolarimizga qator noqulayliklarni keltirib chiqarishi bilan bir qatorda, iqtisodiyotimizga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishi tabiiy.

Ushbu vaziyatda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi yuqoridagilardan kelib chiqib, sohaga aloqador davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, xususan, Energetika vazirligi, Biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasi “O‘ztransgaz” bilan birgalikda mazkur masalani, uning sabablarini atroflicha o‘rganib chiqish, o‘z vaqtida kerakli choralarni ko‘rish va holat yuzasidan batafsil ma’lumot berilishi kerak, deb hisoblaydi.

Ma’lumki, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o‘z dasturiy-maqsadlarida davlat va jamiyat hayotida qonun va adolat ustuvorligiga erishish, amaldagi qonunlar ijrosi yuzasidan kuchli va samarali nazorat o‘rnatish, qonuniy manfaat va erkinliklarini himoya qilish va bu masalani davlat hokimiyatining barcha tarmoqlari, eng avvalo, davlat boshqaruvi va ayniqsa, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida birinchi darajali vazifa bo‘lishi kerakligini ilgari surib keladi.

Shu bois, partiya “Metan zapravka”larning ommaviy sotuvga qo‘yilishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishda vakolatli tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni amaldagi qonun hujjatlariga to‘liq rioya qilishga hamda tadbirkorlarning huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga chaqiradi.

 

O‘zbekiston “Adolat” SDP  

matbuot xizmati  

O‘zA