2017 yilda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi va 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi doirasida qator islohot va chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xo‘sh, mazkur islohotlar mamlakat fuqarolarining hayotida qanday aks etmoqda?

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Jahon banki tomonidan besh yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasining maqsadi, mazkur savolga javob berishi bilan ahamiyatlidir.

Loyiha tadqiqotining besh yillik natijalariga bag‘ishlangan davra suhbati “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Jahon banki va Buyuk Britaniya taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda vazirlik, idora, tashkilotlar, ilmiy markazlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda O‘zbekistonda o‘z faoliyatini olib borayotgan xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli hamda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlotlar loyihaning ahamiyati va o‘tgan besh yilda uning O‘zbekistondagi asosiy o‘zgarishlar va siyosatni ishlab chiqishga qo‘shgan hissasi haqida to‘xtalib o‘tdilar.

Shuni ta’kidlash joizki, besh yil davomida loyiha samarali muloqot vositasi, ya’ni fuqarolar va davlat o‘rtasidagi o‘ziga xos “ko‘prik”ka aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirni olib borgan Eldor Tulyakov aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmushini yaxshilashda “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasi tadqiqotlari muhim o‘rin tutishini e’tirof etdi.

– Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri, bu – tadqiqot natijalari asosida sifatli va aniq manzilga yo‘naltirilgan siyosiy qarorlar qabul qilinishga ko‘maklashish va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratish hisoblanadi, – dedi E.Tulyakov. – Ta’kidlash joizki, ushbu loyiha doirasida o‘tgan besh yilda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan 30 ga yaqin mahalliy va xalqaro darajadagi davra suhbatlari, 100 dan ortiq turli mavzularda o‘zaro uchrashuvlar tashkil etildi hamda tadqiqotlar natijalari va shu asosda ishlab chiqilgan xulosalar tegishli davlat organlari va soha mutaxassislariga taqdim etib borildi.

Tadbirning asosiy ma’ruzachilaridan biri Jahon banki katta iqtisodchisi Uilyam Zeyts tomonidan loyiha tadqiqotlari natijalari xususida batafsil ma’lumot berib o‘tildi.

— O‘zbekiston bugun katta transformatsiya jarayonlarini boshdan kechirmoqda. Jahon banki ana shu o‘zgarishlarga parallel ravishda aholi muammolarini ham o‘rganib bormoqda. Eng muhimi, O‘zbekiston hukumati tadqiqotlarimiz natijalarini e’tibordan chetda qoldirmayapti. Har bir amalga oshirilayotgan islohot zamirida ma’lum darajada xalqning irodasi, xohish-istaklari o‘z ifodasini topmoqda.

O‘rganishlarimiz jarayonida mamlakat aholisi tomonidan bildirilgan fikrlar tahlili, bugun O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘lni tanlaganligini ko‘rsatmoqda. Zero, so‘rovnomalarda ishtirok etgan aholining 80 foizi O‘zbekistondagi islohotlardan rozi ekanliklarini bildirishgan. Shu bilan birgalikda, mamlakatda yangi iqtisodiy imkoniyatlar ham yaratilmoqda. Eng muhimi, fuqarolar iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarining sezilarli darajada ortayotganini o‘z hayotida his qilmoqda.

Yana bir e’tirof etishimiz kerak bo‘lgan jihat, bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borayotgan sa’y-harakatlaridir. O‘zbekiston bu yo‘lda ulkan o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda va bu, allaqachon natijalarni ko‘rsata boshladi.

Bugun Hukumat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordamlar ham xalqning yashash tarziga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Muhimi, bu islohotlar barcha sohalarda o‘z aksini topdi, natijada mamlakatda kambag‘allikka qarshi kurashish milliy siyosatga aylanib ulgurdi.

2022 yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 5 foizga ortdi. Bu, bugungi iqtisodiy inqiroz jarayonida ulkan ijobiy natijadir. Muhimi, Prezident maqsadni to‘g‘ri qo‘ya bildi, natijada 2022 yilda kambag‘allikni 17 foizdan 14 foizga qisqartirishga erishildi.

Yaqin yillar ichida kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish ustuvor vazifalardan biridir. Bunda esa, Hukumatning asosiy e’tibori hozirda turmush tarzi qoniqarli darajada emas, deb baholanayotgan 5 million aholiga qaratiladi. Aniq chora-tadbirlar, aniq manzilga yo‘naltiriladi.

Davlat tomonidan infratuzilmalarni yaxshilash, statistika sohasini isloh qilib, tadqiqotlar o‘tkazishga katta e’tibor qaratilmoqda. Albatta, Jahon banki ham bu jarayonlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Shulardan biri aholi daromadlarini o‘rganishdir. Bu borada so‘nggi besh yilda katta o‘sish bo‘ldi. Global nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish borasidagi tajribasi bilan butun dunyoga namuna bo‘la oladi.

Ta’kidlash joizki, mazkur jarayonlarda Jahon banki ham o‘zining bir qator tavsiyalarini bildirib bormoqda. Jumladan, mamlakatga konseptual tranformatsiya zarur. Tabiiyki, bunda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan resurslar oqilona sarflanmoqda, shu asosda ko‘plab ish o‘rinlari yaratilmoqda, albatta, bu jarayon to‘xtab qolmasligi lozim. Umuman, aholini ijtimoiy-qo‘llab quvvatlash paketlari bu jarayonda samarali usul hisoblanadi.

Shuningdek, biz, inson kapitaliga investitsiya kiritish, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarini ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Aholining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ularni sohalarga samarali yo‘naltirish va davlat tomonidan yoshlarning ta’lim olishlari uchun katta mablag‘lar ajratilayotgani, shubhasiz, yaqin yillar ichida o‘z samarasini beradi.

Tadbirda mahalla raislari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari yuzasidan Jahon bankining ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha katta mutaxassisi Robert Vrobel tomonidan tahlillar keltirib o‘tildi.

Jumladan, ekspert tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi mahalla raislarining ko‘pchiligini erkaklar tashkil etayotganligi, kelgusi saylovlarda ayollarning ham vakillik organlarga saylanishiga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

– Ayni paytda davlat va fuqarolar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaruvchi mahalla raislari tomonidan aholining kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, xonadonlar bilan ishlash, ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni “Temir daftar” va “Ayollar daftar”lariga kiritish bo‘yicha tavsiyalar berishda mahalla raislari faollik ko‘rsatishmoqda. Bundan tashqari, so‘rovnomalar natijalari aholiga joriy etilayotgan manzilli ijtimoiy yordam tizimi 2021 yilga nisbatan ijobiy natija berganligini ko‘rsatdi.

Xususan, mahallalarda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlar uchun kredit olishdagi cheklovlar saqlanib qolanayotganligiga qaramasdan , bu borada byurokratik to‘siqlar sezilarli kamaygan.

Shu bilan birga, respondentlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda uy-joy bilan ta’minlashda aholining qoniqish darajasi pastligi, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi ko‘lamini, ayniqsa, qishloq joylarda yanada kengaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, mutaxassis o‘z nuqti davomida mahallalar faoliyati samaradorligini oshirishga qartilgan taklif va tavsiyalarini ham bildirib o‘tdi. Xususan, mahallalarning muhim dasturlarni qabul qilish hamda byudjet ijrosi va taqsimotidagi ishtirokini oshirish, “Ochiq byudjet” portali orqali inklyuziv qarorlar qabul qilishga erishish zarurligini e’tirof etdi.

Tadbir davomida mahalliy ekspertlar – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Baxtishod Xamidov, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining ishchi guruhi rahbari Muhabbat Ahmedova, Jahon banki mutaxassisi Sevilya Muradovalarning O‘zbekistonda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarga oid dolzarb mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.


O‘zA