O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Qaror chin ma’noda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatni yo‘lga qo‘yish, paxta xomashyosini yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchi korxonalar faoliyati samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi.

Unga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan klasterlar faoliyatiga noqonuniy aralashish, ularning ta’sischilarini yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga chaqirish, fermerlar bilan bo‘ladigan munosabatlariga ta’sir o‘tkazish qat’iyan man etiladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda mahsulot yetishtiruvchilarga yer va suv resurslaridan foydalanishda qonunchilikda nazarda tutilmagan cheklovlar kiritgan mutasaddilarga belgilangan tartibda javobgarlik choralari qo‘llaniladi. Shuningdek, klasterlarga to‘rt tomonlama bitim doirasida olingan majburiyatlardan tashqari qo‘shimcha majburiyatlar yuklash ham taqiqlanadi.

2023 yil hosilidan boshlab:

a) har yili 1 oktyabrga qadar paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklari bilan kelgusi yil hosili uchun paxta xomashyosini yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuziladi;

b) Qishloq xo‘jaligi vazirligi Nyu-York birjasi paxta tolasining o‘rtacha oylik fyuchers kotirovkalari tahlilini o‘zining rasmiy veb- saytida e’lon qilib boradi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida paxta-to‘qimachilik klasterlarini jalb etgan holda g‘o‘zaning eng hosildor navlarini chetdan olib kirish, belgilangan tartibda qat’iy karantin himoyasi ostida izolyatsiyalangan muhitda seleksiya maqsadlari uchun sinovdan o‘tkazishga ruxsat beriladi.

2023 yildan boshlab, xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi, paxta xomashyosi yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizigacha qismi davlat byudjetidan qoplab beriladi.

2025 yil 1 yanvarga qadar import qilinadigan mineral o‘g‘itlarga bojxona bojining “nol” stavkasi qo‘llaniladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2023-2025 yillarda paxta yetishtirishda zamonaviy ilm-fan yutuqlari, ilg‘or xorijiy tajribalarni fermer xo‘jaliklariga joriy etish uchun qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda uning hududiy agroxizmatlar markazlariga 20 million AQSH dollari miqdorida xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qiladi.

Iqdisodiyot va moliya vazirligi qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan paxta xomashyosi yetishtirishga mineral o‘g‘itlar va boshqa moddiy resurslarni o‘z vaqtida jamg‘arish uchun paxta-to‘qimachilik klasterlari va elita urug‘chilik xo‘jaliklari buyurtmasiga muvofiq imtiyozli kreditlar ajratilishini ta’minlaydi.

O‘zA