Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash, turli qoidabuzarliklar sodir etilishi, insonlar o‘limi bilan bog‘liq mudhish holatlarning oldini olish masalalari doimiy e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalardan. Bu borada muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilingan “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bu boradagi sa’y-harakatlarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashda ekologik xavfsizlik va atrof-muhit muhofaza qilinishining ustuvorligi, mahalliy aholi va yo‘l harakati ishtirokchilari fikrining inobatga olinishi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari ham qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lib, Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligining vakolatlari kengaytirilmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilar ekan, uning nihoyatda zarur ekanligini qayd etdilar.

— Afsuski, keyingi yillarda avtohalokatlar qurbonlari soni tobora ortib bormoqda, — deydi deputat Maqsuda Vorisova. — Muammoni qonunchilikka muayyan o‘zgartirishlar kiritibgina tizimli hal qilish mumkin. Bundan tashqari, ekstremal iqlim sharoitlari, tabiiy ofatlar, avariyalar, yong‘inlar yoki texnogen xususiyatli boshqa favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda, insonlarning hayoti va sog‘lig‘i himoyalanishi lozim. Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan yo‘l harakati sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotida uchrab turgan tushunmovchiliklar bartaraf etiladi, yo‘l harakatini tashkil etishga qo‘yiladigan umumiy talablarga, asosiy ko‘rsatkichlarga va texnik vositalariga aniqlik kiritiladi.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

M.Komilova, O‘zA