Mamlakatimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, ularning ishiga aralashganlik, huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Ammo tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvarag‘idagi mablag‘ini qonunga xilof ravishda o‘tkazish, olib qo‘yish yoki ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik holatlari hamon uchramoqda. Xususan, 2021-2022 yillar davomida Biznes-ombudsmanga tadbirkorlardan shunday mazmunda jami 840 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 557 tasi ijobiy hal etilgan.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida muhokama qilinar ekan, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash muhim masala ekanligi alohida ta’kidlandi.

Qonun loyihasi bilan tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Jumladan, bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘larini tadbirkorlik sub’ektlarining roziligisiz qonunga xilof ravishda ko‘chirish yoki olib qo‘yish jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Agar bunday holatlar yana sodir etilsa, jarimalar miqdori yanada oshiriladi. Jumladan, BHMning 300 baravarigacha (90 million so‘m) bo‘lgan miqdorda jarimaga tortilishiga sabab bo‘ladi yoki uch yilgacha muayyan huquqdan yoxud ozodlikdan mahrum qilinadi. Agar bunday harakatlar tadbirkorga ko‘p miqdorda zarar yetkazgan bo‘lsa yoki uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, BHM 600 baravarigacha (180 million so‘m) miqdorda jarima yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar qator takliflar berdi.

“Hozirda jismoniy shaxslar kartasi yoki omonatidagi pul mablag‘ini noqonuniy yechib olish holatlari ham ko‘paymoqda, — dedi deputat Jahongir Abdurasulov. — Qonunchilikda esa bunga nisbatan aniq chora belgilanmagan. Shunday ekan, mazkur qonun loyihasi normasiga faqat tadbirkorlar emas, jismoniy shaxslar ham kiritilishi lozim”.

Qizg‘in bahs-munozaralardan keyin qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA