Portugaliyaning Almada shahrida dzyudo bo‘yicha uch kun davom etgan Gran-pri musobaqasida mamlakatimiz sportchilari 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Dunyoning 81 davlatidan 550 nafarga yaqin mahoratli dzyudochilar ishtirok etgan bahslarda terma jamoamiz a’zolaridan Muhriddin Tilovov 66 kilogramm vaznda, Obidxon Nomonov 73 kilo og‘irlikda barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medallarga musharraf bo‘lish bilan birga, kelgusi yili Parijda o‘tadigan Olimpiada o‘yinlari uchun 700 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
Ushbu sportchilarimizning g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishi, shuningdek qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Nilufar Yermaganbetova 5-o‘rin, Sita Qadambayeva 7-o‘rin bilan xalqaro turnirni yakunlashi O‘zbekiston terma jamoasi 81 davlat orasida umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egallashini ta’minladi.
Portugaliya Gran-prisida 1-o‘rin 4 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza medaliga ega chiqqan Janubiy Koreya termasiga, 2-o‘rin 2 ta oltin, 1 ta kumush medalga sazovor bo‘lgan Portugaliya vakillariga tegishli bo‘ldi.
“Parij-2024” Olimpiadasi uchun muhim reyting ochkolarini taqdim etgan mazkur xalqaro turnirda umumiy hisobda 26 ta davlat vakillari 56 ta medallar jamg‘armasidan hech bo‘lmaganda bittasini olishga erishgan bo‘lsa, 55 ta davlat dzyudochilari o‘z uylariga quruq qaytishdi.
Endi jahon dzyudosining yetakchi jamoalari joriy yilning 4-5 fevral kunlari Parijda o‘tadigan xalqaro turnirda ro‘baro‘ kelishadi. Xalqaro dzyudo federatsiyasi qayd etgan talabnomalarga ko‘ra, Fransiya poytaxtida o‘tadigan ushbu nufuzli musobaqada 85 ta mamlakatning 550 nafar dzyudochisi medallar uchun kurash olib boradi.
“Paris Grand Slam-2023” turnirida mamlakatimiz terma jamoasining 6 nafar a’zosi Vatanimiz sharafini himoya qilishi belgilangan. Mahoratli sportchilarimizdan Davlat Bobonov, Sardor Nurillayev, Murodjon Yo‘ldoshev, Muzaffarbek To‘raboyev, Alisher Yusupov va Shoxruh Baxtiyorov Parij tatamilarida sovrinli o‘rinlar hamda Olimpiada reyting ochkolari uchun bahs yuritadi.
E’tiborli jihati, yosh sportchilarimiz Nomonov va Tilovov Almadadagi murakkab va shiddatli bellashuvlarda dunyoning eng kuchlilarini yengib, 2 ta oltinli bo‘lishdi. Davlat Bobonov, Muzaffarbek To‘raboyev singari jahon chempionlariga ega bo‘lgan tarkibdagi jamoa yoshlarimiz qayd etgan natijani yuksaltira olarmikan?
T.Ro‘ziyev,
O‘zA