Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida 2022 yilda 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinika, mingta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Bu orqali 3,5 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi. “Tibbiyot brigadalari”ga qo‘shimcha 3 ming 600 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi.

Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazilib, bunga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 3 baravar oshirildi. 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga tashxis uskunalari yetkazib berilgan holda oilaviy poliklinikalarda 19 mingdan ziyod kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etildi. Natijada 740 ming aholi shifoxonaga bormasdan, mahallaning o‘zida davolanish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, 10 milliondan ziyod 40 yoshdan oshgan aholining 70 foizi kardiologik va qandli diabet kasalligini erta bosqichda aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj 16 ming bemordan 3 ming 200 nafari viloyat va tumanlarning o‘zida davolandi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP, Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining yig‘ilishida aytib o‘tildi. Fraksiyalar a’zolari o‘tgan yilgi Davlat dasturi bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini ko‘rib chiqar ekan, muhokamalarga partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqib yondashdilar.

— Davlat dasturi ijrosi doirasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish lozim, — dedi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Gulruh A’zamova. — Dori-darmon va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga solish hamda aholiga arzon va sifatli mahsulotlar yetkazib berish tizimini takomillashtirish dolzarb masalalardandir. Shuningdek, elektron retsept tizimini takomillashtirish va keng joriy etish, narxlarga rioya etilishini onlayn kuzatishning axborot tizimini yaratish borasidagi ishlarni ham jadallashtirish vaqti keldi.

— Mamlakatimizda ijtimoiy masalalarni samarali hal etish, ijtimoiy sohaning barqarorligini ta’minlash, ehtiyojmand qatlam vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotir, — dedi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Mavjuda Hasanova. — Bu borada hisobot davrida yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va shu orqali 2026 yil yakuniga qadar kambag‘allikni kamida 2 barobar qisqartirish maqsadida aholining bandligini ta’minlash dasturiga asosan 251 mingta aholi doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarga jalb etilib, yillik prognoz ko‘rsatkich 118,3 foizga bajarildi.

Bundan tashqari, fraksiyamiz hukumatning nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlarini alohida e’tirof etdi. Xususan, 2022 yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashish milliy dasturi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlardagi mavjud bo‘sh hamda zaxiralangan ish o‘rinlariga ishga joylashtirilishi, ularni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga subsidiya ajratilishi ijobiy holdir.

Shuningdek, yig‘ilishda fraksiya a’zolari sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalarining ajratilishi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplab berilishi masalasida hududlarda qator kamchilik va sustkashliklar kuzatilayotganini aytib, bu bo‘yicha zarur tavsiyalar berdilar.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari esa Davlat dasturi doirasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, shahar va tumanlarning ekologik ahvolini yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratdi.

—  O‘tgan 2022 yilda dastur ijrosi doirasida suv ta’minoti ob’ektlarida 3 ming 937 km uzunlikdagi ichimlik suv tarmoqlari yangidan tortildi. Aholini toza ichimlik suvi hamda oqova suv tarmog‘i bilan ta’minlash maqsadida barcha dasturlar doirasida respublika byudjetining 3,3 trillion so‘m mablag‘lari o‘zlashtirilib, uning hisobidan 809 ta inshoot hamda 6,9 ming km ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilib, rekonstruksiya qilindi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi o‘tgan yil boshida 69,7 foiz bo‘lgan bo‘lsa, yil yakuniga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich 74,4 foizga teng bo‘ldi. Kelgusida ham toza ichimlik suvi yetib bormagan chekka hududlarda suv ta’minotini yo‘lga qo‘yish choralarini yanada jadallashtirish, bunda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyatini kuchaytirish lozim, — dedi deputat Navro‘z Yusupov.

Yig‘ilishda hukumat hisoboti qizg‘in muhokama qilinib, ma’qullandi.


Muhtarama Komilova, O‘zA