Nukus garnizonidagi harbiy qismda yigitlik burchini o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar harbiy qism qo‘mondonligining o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi tavsiyanomasini olish uchun test sinovlarini topshirdi.

Yoshlarni harbiy xizmatga, harbiy kasbga qiziqtirish, ularni rag‘batlantirish, harbiy xizmat nufuzini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash davomida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarliklar bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zarur bilim-saviyaga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan yigitlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi test sinovlarida ishtirok etdi. Ulardan yuqori ball to‘plagan eng munosiblarga harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha imtiyozga ega tavsiyanoma berilishi belgilangan.

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan askarlar respublikamizning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga, oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirishi uchun tegishli o‘quv yiliga tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida ajratilgan qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.

Okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan mazkur test sinovlarida adolat tamoyillariga asoslangan holda shaffoflikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan 12 ta auditoriyaning barchasida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali real vaqt mezoni shaklida ko‘rsatilayotgan videotasvirlarning barchasi tizimga yozib saqlanadi.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozlar uchun test sinovlari 31 yanvargacha davom etadi.


Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA