Mamlakatimiz bo‘ylab kuzatilgan anomal sovuq ob-havo sharoitida ko‘pchilik soha vakillari o‘z yo‘nalishlarida qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi.

Xususan, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tarkibidagi “O‘zbekipaksanoat” va “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmalari tomonidan ehtiyotkorlik choralari olib borilmoqda.

Anomal sovuq ipakchilik va chorvachilik sohasiga qanday ta’sir ko‘rsatdi? Mazkur savol yuzasidan Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov quyidagilarni ma’lum qildi.

–Ipakchilik va chorvachilik sohasida qish mavsumi kelishidan oldin tayyorgarlikni ko‘rib qo‘yamiz. Jumladan, anomal sovuq paytida ham respublikamizda mavjud 11 ta urug‘chilik korxonasida 2022 yil mavsumida tayyorlangan ipak qurti urug‘lari me’yorda saqlandi. 1 dekabrdan qishki tinim davri uchun korxonalarning o‘zlarida mavjud sovutkichlarga joylashtirilgan. Qishki tinim davrida ipak qurti urug‘lari sovutkichlarda +2 +5 S haroratda bahorgi ipak qurti boqish mavsumigacha saqlanadi.

Viloyat va tuman “Agropilla” MCHJ hamda pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan 2023 yil bahorgi pilla yetishtirish mavsumlariga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi hamda kasanachilar, fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma tuzish, mavjud tutzorlarni aholiga oilaviy pudrat asosida biriktirib berish jarayonlari davom etmoqda.

Inkubatoriyalarni tayyorlash, jihozlash inkubistlar mahoratini oshirish maqsadida o‘quv-seminarlari tashkil etilmoqda. Korxonalarda ipak mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlari hamda mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish ishlari olib borilmoqda.

Respublika yaylov chorvachiligi sohasida qishlov mavsumini betalafot o‘tkazish, qishlov mavsumida mavjud muammolari tezkor bartaraf etish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi tomonidan ham tegishli choralar ko‘rildi.

Tashkil etilgan shtablar tomonidan joylarda chorva qishlovining borishi doimiy nazorat qilinib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rib borilmoqda. Chorva qishlovini betalafot o‘tkazish maqsadida texnika vositalari va 600 nafarga yaqin ishchi kuchlari jalb etilgan. Mavsum davomida quduqlardan suv chiqarilib, dag‘al va kuchli ozuqalar yetkazib berildi.

Shuningdek, qishlov davrida kuchli ozuqalarga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida 5 ming tonnaga yaqin kuchli ozuqalar, jumladan, omuxta yem, arpa, ozuqabop bo‘g‘doy va boshqa yem mahsulotlari qorako‘lchilik xo‘jaliklarga yetkazib berildi. Ayni paytda 2 ming tonnadan ortiq kuchli ozuqalar zaxirasi mavjud.

“Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi tomonidan uzoq cho‘l hududlarida ishlayotgan cho‘ponlarga maxsus qishki kiyimlar ham bepul tarqatildi. bugungi kunda cho‘pon oilalariga 55,1 tonna un va un mahsulotlari, 7,6 tonna o‘simlik yog‘i, 3,4 tonna shakar, 8,8 tonna guruch, 120 tonna kartoshka, 86 tonna sabzi, 80 tonna piyoz mahsulotlari tarqatildi.

 

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA