Huquqiy munosabat

Mazkur savol yuzasidan huquqshunos Iroda Qahhorova quyidagilarni ma’lum qildi.

– Soliq kodeksining 87-moddasiga asosan jismoniy shaxsning soliq majburiyati mazkur shaxs vafot etganda, uni vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sud qarori qonuniy kuchga kirgan hollarda tugatiladi. Vafot etgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan jismoniy shaxsning soliq qarzi ushbu kodeksning 94-moddasida belgilangan tartibda meros mol-mulkning qiymati doirasida merosxo‘rlardan undiriladi.

Soliq kodeksining 94-moddasiga binoan soliq qarzi mavjud bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni lozim darajada bajarmaganlik uchun unga hisoblangan penyalar va jarimalar summasi undirilishi umidsiz summalar, deb e’tirof etiladi.

Ushbu jismoniy shaxsning soliqlar bo‘yicha uzilmay qolgan qarzi vafot etgan shaxsning meros qilib olinadigan mol-mulkini meros qilib olish tartibida qabul qilib olgan uning merosxo‘ri (merosxo‘rlari) tomonidan meros qilib olinadigan mol-mulkning qiymati doirasida va uning (ularning) merosdagi ulushiga mutanosib ravishda uziladi.

Agar vafot etgan jismoniy shaxsning soliqlar bo‘yicha soliq qarzi meros qilib olinadigan mol-mulk qiymatidan ortiq bo‘lsa, soliq qarzining meros qilib olinadigan mol-mulk qiymatidan ortiq summasi undirilishi umidsiz summa, deb e’tirof etiladi. Mazkur norma merosxo‘r (merosxo‘rlar) tomonidan meros qilib olinadigan mol-mulkning qiymati hujjatlar bilan tasdiqlangan hollarda qo‘llaniladi.

– Merosxo‘r bo‘lmaganda yoki merosxo‘r meros olish huquqidan voz kechganda qanday yo‘l tutiladi?

– Merosxo‘r bo‘lmaganda yoki merosxo‘r meros olish huquqidan voz kechganda vafot etgan jismoniy shaxsning soliq qarzi undirilishi umidsiz qarz, deb e’tirof etiladi. Umidsiz soliq qarzi soliq organlari tomonidan hisobdan chiqarilishi lozim. Soliq qarzi bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda, mazkur jismoniy shaxs hisobga qo‘yilgan joydagi va (yoki) uning mol-mulki turgan joydagi soliq organi vafot etgan shaxsning merosxo‘ri (merosxo‘rlari) to‘g‘risida axborot olingan paytdan e’tiboran bir oy ichida unga (ularga) soliq qarzi mavjudligi to‘g‘risida xabar qilishi shart.

Vafot etgan jismoniy shaxsning merosxo‘ri (merosxo‘rlari) mazkur jismoniy shaxsning soliqlar bo‘yicha qolgan qarzini meros qabul qilib olingan kundan e’tiboran bir yildan kechiktirmay uzishi shart. Soliq organining qaroriga binoan uzish muddati, agar soliq qarzi mavjudligi to‘g‘risidagi xabarni merosxo‘r (merosxo‘rlar) to‘lash muddati o‘tishiga olti oydan kam vaqt qolganida olgan bo‘lsa, uzaytirilishi mumkin. Yana bir jihatga e’tibor berish kerakki, vafot etgan jismoniy shaxsning jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni to‘lash bo‘yicha qarzi umidsiz qarz deb e’tirof etiladi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda vafot etgan deb e’lon qilingan jismoniy shaxsning soliq qarziga nisbatan ham qo‘llaniladi. Demak, merosxo‘r(lar) meros qabul qilib olgan kundan e’tiboran bir yildan kechiktirmay vafot etgan shaxsning soliq qarzini uzishi shart.

 

O‘zA