Insoniyat yaqin yillarda yirik global xatar bilan ro‘baro‘ kelishi mumkin. Bu — semizlik! Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 30 yil ichida dunyoda bu kasallikka chalingan odamlar soni uch baravar oshgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2030 yilga borib, Yer yuzi aholisining qariyb 45 foizi ana shu dardga yo‘liqishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.

Mutaxassislarning fikricha, semizlik teri osti va tananing boshqa joylarida me’yordan ortiqcha yog‘ to‘planishi oqibatida kelib chiqadi.

Kam harakatlanish, genetik faktorlar, endokrin kasalliklar, noto‘g‘ri ovqatlanish yoki psixologik buzilishlar, stresslarga beriluvchanlik unga sabab bo‘luvchi asosiy omillardan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi semizlikning salomatlikka salbiy ta’sirlari va uni keltirib chiqaruvchi omillar haqida videorolik tayyorladi.

Unda kasallikning kelib chiqish sabablari va oqibatlari qisqa, aniq va lo‘nda qilib tushuntirilgan. Mutaxassislar tomonidan JSST ma’lumotlari va tavsiyalari asosida yaratilgan ushbu videorolik aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

 

O‘zA