Turli ozdiruvchi yoki semirtiradigan, shuningdek, proteinli biologik faol qo‘shimchalar savdosi borgan sari avj olib bormoqda. So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarkibida inson organizmi uchun zararli bo‘lgan turli mahsulotlar haqida xabarlar tarqalmoqda.

O‘z o‘rnida “Fatzorb”, “B-Fit”, “Goryachiy perets” kabi ozdiruvchi dori vositalari SES laboratoriyalarida tekshirilganmi, ularning xulosasi qanday bo‘lgan, ushbu dori vositalarining zarari bormi, kabi savollar tug‘iladi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot xizmatining mutaxassislarga tayanib tushuntirishicha,  biologik faol qo‘shimchalar – inson organizmidagi fiziologik buzilishlarni oldini olish hamda sog‘lom balansni tiklash maqsadida ratsionini maqbul darajaga yetkazish yoki organizmni zarur bo‘lgan foydali moddalar bilan to‘ldirish uchun mo‘ljallangan, tarkibida kelib chiqishi tabiiy yoki tabiiyga o‘xshash sun’iy biologik faol moddalar (ularning konsentratlari) va (yoki) prebiotik komponentlar hamda probiotik mikroorganizmlar mavjud oziq-ovqat mahsulotlari hisoblanadi. Biologik faol qo‘shimchalar davolovchi ta’sirga ega emas. Davolovchi ta’sirga ega bo‘lgan mahsulotlar dori vositalari hisoblanadi.

Shu o‘rinda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan bu kabi vositalarni respublikamizda ro‘yxatdan o‘tkazilmagani, tarkibi tekshirilgani va xavfsizligi to‘g‘risida xulosa berilmaganini ma’lum qiladi. Aholidan tarkibi noma’lum bo‘lgan va mutaxassislar tomonidan salomatlik uchun xavfsizligi kafolatlanmagan turli mahsulotlarni o‘zboshimchalik bilan iste’mol qilmaslikni so‘raydi.

 

O‘zA