Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida yurtimizda ishlab chiqarilgan 10 ta “Volkswagen Caddy” rusumli tez tibbiy yordam avtomashinasini topshirish marosimi bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiyot uskunalari, maxsus inventar va asboblar bilan jihozlash, tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash va aholiga yanada yaqinlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

bugungi kuni Orolbo‘yida 156 ta tez yordam brigadasi tashkil etilgan bo‘lib,  ularga 171 ta tez tibbiy yordam avtomashinasi biriktirilgan. Tizimda mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash choralari ko‘rilmoqda. O‘tgan yili 26 ta zamonaviy tibbiy yordam avtomashinasi berilgan bo‘lsa, topshirilayotgan 10 ta tez tibbiy yordam avtomashinasi joylarda aholiga tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida Amudaryo, Ellikqal’a,To‘rtko‘l tumanlariga ikkitadan, Beruniy, Bo‘zatov, Chimboy va Kegeyli tumanlariga bittadan tez tibbiy yordam avtomashinasi topshirildi.


Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA