O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etgan Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron tashqi ishlar vazirlari hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlarini qabul qildi.

Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bilan uchrashuvda O‘zbekiston – Turkiya keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri Chavusho‘g‘li Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Davlatimiz rahbari oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqotlar ko‘p qirrali hamkorlikning jadal rivojlanishiga xizmat qilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, o‘tgan yilda 370 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aviatashuvlar soni ko‘paymoqda.

Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida, shu jumladan, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish dasturlari doirasida yangi investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ko‘p tomonlama tuzilmalar, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan 2022 yilning 14-15 iyul kunlaridagi Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi va 21-22 oktyabr kunlaridagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkmanistonga rasmiy tashrifi davomida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish jihatlari muhokama qilindi.

Suhbat avvalida vazir Rashid Meredov Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Xalq Maslahati Raisi, Millat Yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyot, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yilning birinchi choragida qator qo‘shma tadbirlar – Hukumatlararo komissiya, Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishlari, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar, madaniy va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi ta’kidlandi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Bo‘lajak uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov davlatimiz rahbari bilan uchrashuv avvalida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zaro savdoning oshib borayotgani, avtomobillar ishlab chiqarish, paxta-to‘qimachilik va ipakchilik klasterlarini tashkil etish borasidagi kooperatsiya loyihalarining borishi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bundan tashqari, neft-gaz va kimyo sanoati bo‘yicha yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda. Qo‘shma investitsiya fondi tashkil etilmoqda.

Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, shu jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda Eron tashqi siyosiy idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Prezident Ibrohim Raisiyning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Eron Prezidentining o‘tgan yil sentyabr oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro muloqotlar faollashgani, savdo izchil oshib borayotgani va yetakchi korxonalarning kooperatsiyasi kuchayganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni ilgari surish, jumladan, Chobahor va Bandar-Abbos portlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Prezidentimiz Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Bosh kotib davlatimiz rahbarini O‘zbekistonning Tashkilotga muvaffaqiyatli raisligi bilan tabrikladi. Savdo, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, energetika, turizm va boshqa yo‘nalishlarda ilgari surilgan muhim tashabbuslar va o‘tkazilgan tadbirlar IHT doirasidagi amaliy hamkorlikka kuchli sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan tovar ayirboshlashi 70 foizga o‘sgani, qo‘shma korxona va loyihalar soni esa 5 barobarga ko‘paygani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tashkilotning navbatdagi sammitini joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazishga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Bo‘lajak tadbir kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Bosh kotib Xusrav Noziriy Tashkilot kotibiyati IHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida yaqindan birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi.

Davlatimiz rahbarining Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev bilan uchrashuvida O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga raisligi doirasidagi ustuvor vazifalar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi.

Bosh kotib Tashkilot rivojida yangi davrni boshlab bergan tarixiy Samarqand sammiti natijalarini yuksak baholadi.

Savdoni va bojxona tartibotlarini soddalashtirish, Investitsiya fondini tashkil etish bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Samarqand “Turkiy sivilizatsiya poytaxti”, deb e’lon qilindi. Ilk bor Alisher Navoiy mukofoti topshirildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotining to‘laqonli a’zosi bo‘ldi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan 2023 yil “Turkiy sivilizatsiyaning yuksalish yili”, deb e’lon qilingani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Raislikning institutsional islohotni amalga oshirish “yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni”ni yaratish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida Bosh kotib Tashkilot doirasidagi sheriklik salohiyatini amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.


O‘zA