O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida tashkil etilgan Xalqaro kurash instituti eksperti, o‘zbek sporti – kurash bo‘yicha ko‘plab o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, kitoblar hamda video darsliklar muallifi bo‘lgan tajribali mutaxassis Kim Eur Jong Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Seok-Yol tomonidan maqtov yorlig‘i bilan taqdirlandi.

Bu haqda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdirlash marosimi Koreya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida bo‘lib o‘tdi. Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Kim Xi Sang tomonidan yorliqning asl nusxasi kurash mutaxassisiga topshirildi.

Aytish lozim, Kim Jong bir necha yillardan beri dunyoda azaliy qadriyatimiz kurash bo‘yicha hakamlarni tayyorlash borasida sa’y-harakat ko‘rsatib kelmoqda. U uzoq yillar Koreya kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo-Okeaniya Kurash konfederatsiyasi vitse-prezidenti, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi Hakamlik qo‘mitasi raisi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

U ayni kunlarda Xalqaro Kurash instituti eksperti vazifasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Milliy kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi o‘qituvchisi bo‘lib, kurashning ilmiy asoslari, kurash hakamligi nazariyalarini tadqiq etmoqda.


T. Ro‘ziyev, O‘zA