Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 yanvar kuni paxta yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

bugungi kungacha paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan sohaga 5 milliard 300 million dollar investitsiya kiritilgan, ularga 3 milliard dollar imtiyozli kreditlar ajratilgan. Klasterlar tomonidan 4 milliard dollarlik 265 ta loyiha ishga tushirilib, 300 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Natijada paxta hosildorligi 30 foizga oshib, 26 sentnerdan 34 sentnerga yetdi.

Lekin joylarda klaster va fermerlarni qiynayotgan muammolar ham bor. Jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘z vaqtida to‘lamaganligi sababli fermer xo‘jaliklarida penya qarzdorligi vujudga kelgan.

7 mingta fermer paxta maydonlarini nasoslar orqali sug‘orishga majbur bo‘layotir. Fyuchers shartnomalari tuzishning oxirgi muddati belgilanmagan, shartnomalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha shaffof tizim yo‘q.

Yig‘ilishda sohadagi shu kabi muammolar muhokama qilinib, zarur choralar belgilandi.

Xususan, paxta maydonlarini nasos bilan sug‘orish uchun ketgan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizi qoplab berilishi qayd etildi.

O‘tgan yili ichki bozorda mineral o‘g‘it narxi o‘rtacha 50 foizga oshib, tanqislik yuzaga kelgan edi. Shu bois mineral o‘g‘itlarga bojxona imtiyozlarini yana 3 yilga uzaytirish taklifi bildirildi.

Mutasaddilarga klaster va fermerlar o‘rtasidagi shartnomalarni tartibga solish hamda hisob-kitoblarni joyiga qo‘yish, paxta va g‘alla yetishtirishni muvofiqlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun fermer xo‘jaliklariga hisoblangan penyalar, istisno tariqasida, hisobdan chiqarilishi belgilandi.

Fyuchers shartnomalarini soliq organlarining elektron axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, endi Nyu-York birjasining o‘rtacha oylik fyuchers kotirovkalari tahlili Qishloq xo‘jaligi vazirligi veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Paxtachilik yo‘nalishidagi ilmiy institutlarni ishga solib, chet ellarda qo‘llanilayotgan unumdor va kam suv talab qiluvchi navlarni mahalliylashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda, umuman, qishloq xo‘jaligidagi joriy yilgi vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, 400 million dollarlik 600 ta loyiha ishga tushirilishi, qo‘shimcha 185 ming tonna saqlash va qayta ishlash quvvatlari hamda 33 ta tumanda agroxizmat markazlari tashkil etilishi aytildi.

Ipakchilik sanoatida 3 trillion so‘mlikdan ziyod mahsulot tayyorlanib, qariyb 110 million dollarlik eksport qilinmoqda. Lekin bu tarmoqda salohiyat yanada katta. Shu bois Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga bu yil 26 ming tonna pilla, 1,3 million dona qorako‘l terisi va 40 ming tonna jun ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.

300 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatish, 200 ming gektar yerni lazerli tekislash rejalashtirilgan. 100 ming gektar ekin yerlarini taqsimlab, 2 milliondan ziyod aholining bandligini ta’minlash ham muhim vazifalardan. Bu asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetarli bo‘lib, bozorlarda narx-navo barqaror bo‘lishida ham ahamiyatga ega.

Shuningdek, yurtimizda oziq-ovqat sanoatida oliy va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj katta. Shuning uchun xorijiy davlatlar tajribasi asosida bu sohada yangi institut tashkil etish taklifi ma’qullandi.